Xalqimizda «Bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilish – muvaffaqiyat garovi» degan ibora bor. Poytaxtimizning eng gavjum hududlaridan biri bo‘lgan Yunusobod tumanida jinoyatchilikka qarshi kurashish va jamoat tartibini saqlashda safdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan ikki nafar fidoyi xodimning xizmati bunga yorqin misol.
Tuman IIOFMB JTSB saf bo‘linmalari PPX otryadi inspektorlari, safdorlar Jahongir Muxamedraximov hamda Umar Jabborov xizmatga munosabati va mas’uliyati bilan shaxsiy tarkib orasida alohida ajralib turadi. Bu ikki xodimni «bir butun» deb atash mumkin. Chunki ular o‘zaro hamkorlikda xizmat olib borishadi. Xususan, ularning sa’y-harakatlari natijasida o‘tgan yil davomida 4 ta jinoyat «issiq izida» fosh etildi. Jinoyat sodir etib, jazo muqarrarligidan qochib yurgan shaxslarni ushlash katta mahorat va hushyorlik talab etadi. Safdorlar J. Muxamedraximov va Umar Jabborov o‘zlariga biriktirilgan hududda sergaklikni qo‘ldan bermay, qidiruvdagi shaxslarning qonun oldida javob berishlarini ta’minlashmoqda. Jumladan, o‘tgan yil davomida 9 nafar qidiruvdagi shaxs aniqlandi va tuman IIOFMBga topshirildi. Ayniqsa, «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlarida ularning faolligi yaqqol ko‘zga tashlandi. Tadbir davomida 3 ta holatda giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanishini aniqlashda o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shishdi. Faoliytida o‘zaro tandem hosil qilgan ushbu xodimlarning og‘ir jinoyatlarni fosh etish va huquqbuzarliklarga chek qo‘yish borasidagi kechiktirib bo‘lmas harakatlari o‘z qasamyodiga sodiqligini yaqqol tasdiqlaydi. Zero, el tinchligi va yurt farovonligi mana shunday minglab sergak posbonlar mehnati bilan chambarchas bog‘liq.