O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-yanvardagi «Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq:
2026-yilda kriminogen vaziyati og‘ir mahallalar – tuman (shahar) hokimlari, prokurorlari hamda ichki ishlar organlari boshliqlari va ularning o‘rinbosarlariga; besh yildan buyon «qizil» toifada bo‘layotgan mahallalar – Milliy gvardiyaning hududiy boshqarmalari boshliqlari, viloyat darajasidagi ichki ishlar organlari rahbarlarining va hokimlarning o‘rinbosarlariga; uch yildan buyon «qizil» toifada qolayotgan mahallalar – huquq-tartibot idoralarining ta’lim va ilmiy tashkilotlariga; kriminogen vaziyati eng og‘ir tuman va shaharlar – viloyatlar darajasidagi prokurorlarning va ichki ishlar organlari rahbarlarining birinchi o‘rinbosarlariga biriktiriladi. Mahallalarda xavfsiz muhit yaratish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar va ularning natijadorligi har oy yakunida – viloyat prokurorlari va ichki ishlar organlari boshliqlari huzurida, har chorak yakunida Ichki ishlar vaziri va Bosh prokuror huzurida tegishli viloyat va respublika rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilinadi. Ichki ishlar vazirligi tomonidan 2026-yil yakuniga qadar fuqarolarning huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi og‘zaki murojaatlarini soha va hududidan qat’iy nazar, ichki ishlar organlari xodimlarining xizmat planshetlari orqali real vaqt rejimida yagona tartibda qabul qilish hamda tegishliligi bo‘yicha tezkorlik bilan munosabat bildirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi. 2026-yil 1-noyabrga qadar fuqarolar tomonidan mahalla profilaktika inspektorlari bilan onlayn muloqot qilish, foto, audio, video va tashvish xabarlarini yuborish, shuningdek, ularning faoliyatiga baho berish imkoniyatini beruvchi «Mening inspektorim» mobil ilovasi ishlab chiqish va ommalashtirish choralari ko‘riladi. Manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2026-yil 1-mayga qadar «E-ijtimoiy profilaktika» axborot tizimining «E-nizoli oila» moduli joriy etilib, ushbu modul sudlar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri integratsiya qilinadi. 2026 - yil 1 -iyulg a qadar boshqa hududlarning kriminogen vaziyat og‘ir va murakkab mahallalarida ham mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.