Davlatimiz rahbarining Toshkent shahar IIBB huzuridagi Qo‘riqlash xizmatiga tashrifi , sohadagi tub islohotlar va raqamli texnologiyalarning tatbiq etilishi bilan yaqindan tanishgani sohani to‘liq raqamlashtirish hamda «Xavfsiz shahar» konsepsiyasini yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi. Prezidentimizga namoyish etilgan yangiliklar sohaning kelajagini belgilab berdi. Endilikda ushbu xizmatdagi axborot tahlil va monitoring markazi orqali minglab xonadonlar va davlat obyektlari zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida qo‘riqlanmoqda.
– Tizimda inson omili kamaytirilib, tezkorlik yuksak darajaga ko‘tarildi, – deydi Toshkent shahar IIBB huzuridagi Qo‘riqlash xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Muzaffar Tilapov. – Xodimlarimiz avallari ma’nan eskirgan uskunalar orqali xizmat olib borishardi. Bu esa huquqbuzarlik va jinoyatlarni aniqlashda birmuncha qiyinchliklarni yuzaga keltirardi. Keyingi yillarda Prezidentimizning sohaga qaratayotgan alohida e’tibori tufayli zamonaviy texnika va texnologiyalar asosida ishlar tashkil qilinmoqda. Agar ilgari bunday zamonaviy texnikalar asosan xorijdan qimmat narxlarda olib kelingan bo‘lsa, bugungi kunda ular o‘zimizda mahalliylashtirilib, ancha arzon narxlarda ishlab chiqarilmoqda. Hozir tizim to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, har bir xabar onlayn qayd etiladi. «Tashvish» xabari avtomatik tarzda eng yaqin ekipajning planshetiga yo‘naltiriladi. Bu soniyalar ichida qaror qabul qilish imkonini beradi. Yangi zamonaviy integrallashgan tizim avvalgilardan farqli o‘laroq, har bir inson o‘z smartfonidagi mobil ilova orqali uyini nazorat qilishi yoki xavf tug‘ilganda, birgina tugmani bosib yordam chaqirishi mumkin.
Tizim nafaqat o‘g‘rilik, balki yong‘in yoki suv toshishi kabi holatlarni ham masofadan aniqlab, monitoring markaziga xabar beradi. Misol uchun oladigan bo‘lsak, joriy yil 10-yanvar kuni soat 05:38 da Mirobod tumanidagi do‘konlardan biridan «tashvish» xabari keladi. Tezkor harakatlanuvchi guruh atigi 5 daqiqada yetib borib, pichoq bilan qurollangan 1979-yilda tug‘ilgan shaxsni qo‘lga oladi. Xodimlar nafaqat «tashvish tugmasi» orqali voqea joyiga yo‘naltiriladi, balki ular o‘zlariga biriktirilgan hudud bo‘ylab xizmat olib boradi va shubhali ko‘ringan har qanday holatni bee’tibor qoldirishmaydi. Xususan, 10-yanvar kuni bir jinoyat «issiq izida» fosh etildi. Ya’ni, soat 18:20 larda Bektemir tumani IIOFMB huzuridagi Qo‘riqlash xizmati THG xodimlari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha xizmat o‘tab yurgan vaqtida, ko‘chada shubhali harakat qilayotgan fuqaroni to‘xtatishadi. Tekshiruv natijasida muqaddam sudlangan T.J. ismli shaxs yonidan 19 dona paketga joylangan giyohvandlik moddalari topilgan. Bugun qo‘riqlash xizmatidan foydalanish har qachongidan ham qulay. Ya’ni, «1131» qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilishining o‘zi kifoya. Fuqaro o‘z xonadoni yoxud tadbirkorlik subyektiga tegishli obyektni qo‘riqlash xizmatiga topshirish uchun ushbu qisqa raqam orqali yoki hududiy qo‘riqlash xizmatiga murojaat qiladi. Murojaat asosida hududiy qo‘riqlash xizmati xodimlari obyektni o‘rganib chiqadi hamda tegishli arizani rasmiylashtiradi. Ariza asosida qo‘riqlash xizmati xodimlari tomonidan zamonaviy qo‘riqlash texnik vositalari bepul o‘rnatilib, tizimga ulanadi. Xonadon yoki tadbirkorlik subyektiga o‘rnatilgan qo‘riqlash vositalaridan tashvish tugmasi bosilganda, shuningdek, magnit-kontakt datchiklari yoki harakat datchiklaridan signal kelib tushganda, tizim avtomatik ravishda xabarni qabul qiladi va uni monitoring markaziga uzatadi. Ushbu xabar asosida monitoring markazi xodimi voqea joyiga tezkor harakatlanuvchi guruhni yo‘naltiradi. Tezkor harakatlanuvchi guruh planshetiga tashvish signali va geojoylashuv ma’lumotlari kelib tushadi hamda navigatsiya orqali eng qisqa yo‘nalish bo‘yicha voqea joyiga yetib boriladi. Bunda monitoring markazi tezkor harakatlanuvchi guruh ekipajini salon va tashqi zamonaviy videoregistratorlar, shuningdek, bodikamera orqali real vaqt rejimida kuzatib turadi. Zarurat tug‘ilganda, vaziyatga to‘g‘ri baho berilib, qo‘shimcha kuch va vositalarni zudlik bilan yuborish imkoniyati mavjud. Sohaning to‘liq raqamlashtirilgani va inson omilining kamaytirilgani «Xavfsiz shahar» konsepsiyasini amaldagi voqelikka aylantirdi. Yangi davrning zamonaviy texnologiyalari esa ana shu osoyishta hayotning eng mustahkam va ishonchli garovi bo‘lib xizmat qilaveradi.