9 Yanvar 2026 Yil 0

XATOLAR INSONNI YIQITISHI MUMKIN, AMMO...

Ism umr bo‘yi insonga yo‘ldosh bo‘ladi. Shu bois har bir ota-ona bolasiga chiroyli va ma’noli ism qo‘yishga alohida e’tibor qaratadi. Ular ism farzandiga ruhiy kuch bag‘ishlashiga, unda mas’uliyat va ishonchni mustahkamlashiga ishonishadi.

Poytaxtimizning Yashnobod tumani «Arg‘in» mahallasida istiqomat qiluvchi Kozimjon ham oilasining to‘ng‘ichi, pahlavonday o‘g‘liga Muhammad Ali deb ism qo‘ygani bejiz emas edi. U farzandi kelajakda mashhur bokschi Muhammad Ali kabi kuch-quvvatga to‘la, sog‘lom va jasur yigit bo‘lishini niyat qilgandi. Muhammad Ali tabiatan og‘ir-bosiq, mulohazali bola bo‘lib ulg‘aydi. Sportga qiziqsa-da, ammo ilm yo‘lini tanladi. Nufuzli oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirib, talabalik baxtiga musharraf bo‘ldi. Biroq yoshlikning zavq-u shavqqa to‘la kunlarining birida u do‘stlari bilan gap talashib qoldi. G‘urur va his-tuyg‘ular ustun kelib, tortishuv hatto mushtlashishgacha bordi. Qiziqqonlikning oqibati esa juda og‘ir bo‘ldi… Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudining 2024-yil 29-oktabrdagi hukmiga muvofiq, u 5 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Shu tariqa umrining ayni bahori panjara ortida o‘tadigan bo‘ldi. Ammo Muhammad Ali tushkunlikka tushmadi, o‘zini yo‘qotmadi. Manzil-koloniyada olib borilgan tushuntirish ishlari va psixologik treninglar natijasida xatolarini chuqur anglab yetdi hamda ulardan to‘g‘ri xulosa chiqardi. Ehtimol, shu sababli ham afv so‘rab yo‘llagan murojaati qanoatlantirilgandir. — Mamlakatimiz Prezidenti tomonidan Konstitutsiya kuni munosabati bilan qilmishiga chin dildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga o‘tgan 615 nafar afv etilgan mahkumlar orasida tumanimizda istiqomat qilib kelgan Muhammad Ali Soataliyevning ham borligi nafaqat uning oila a’zolarini, balki bizni ham birdek quvontirdi, — deydi Yashnobod tumani IIOFMB Probatsiya bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Erpo‘lat Moldatashov. — Sababi, biz bu oila a’zolarini yaxshi bilamiz. Ular hamisha odob-axloqli, mehnatsevar va jamoatchilik ishlarida faol bo‘lgan. Muhammad Ali ham bolaligidan intizomli va mehnatsevar bo‘lib o‘sgan. To‘g‘ri, u xato qildi, adashdi, lekin xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqara oldi. Shu orqali o‘zini qayta topdi, yangi hayotga qadam qo‘ydi. M.Soataliyevning o‘talmay qolgan 3 yil-u 7 oy 11 kun ozodlikdan mahrum qilish jazosi shu muddatga ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirildi. Ayni paytda u Yashnobod tumani IIOFMB Probatsiya bo‘limi ro‘yxatida. «Arg‘in» mahallasi faollari Zoid va Nodir Abdiyevlar unga jamoatchi murabbiy sifatida biriktirildi. Shuningdek, «Pebble Universal Service» MCHJga yo‘llanma asosida ishga joylashtirish choralari ko‘rilmoqda. Bundan tashqari, Muhammad Ali tadbirkorlik faoliyatiga qiziqish bildirib, kelgusida o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish niyati borligini ma’lum qildi. Unga bu borada zaruriy yo‘l-yo‘riqlar berildi. Xususan, avvalo biznes-reja ishlab chiqib, tuman hokimi yordamchisiga taqdim etish, shundan so‘ng subsidiya olish uchun ariza bilan murojaat qilish tartiblari batafsil tushuntirildi. Bu hikoya bir haqiqatni yana bir bor isbotlaydi: xatolar insonni yiqitishi mumkin, ammo to‘g‘ri xulosa va qo‘llab-quvvatlash uning qaddini qayta tiklaydi.

Barcha yangiliklar

Text to speech