Poytaxtimizning Chilonzor tumanida xotin-qizlar xavfsizligini ta’minlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda oilaviy nizolarning oldini olish borasidagi profilaktik tadbirlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Mazkur yo‘nalishda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan «Yo‘l xaritasi» tasdiqlanib, ijrosi ta’minlanmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida tuman IIOFMB HPB xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlari tomonidan keng jamoatchilik bilan hamkorlikda tizimli ishlar amalga oshirildi. Bunda asosiy e’tibor nafaqat targ‘ibot tadbirlariga, balki «xonadonbay» va «mahallabay» tizimi asosida har bir ayol bilan yakka tartibda profilaktik suhbatlar o‘tkazishga qaratilmoqda. Bu esa xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning ijtimoiy muammolarini joyida hal etish imkonini berishi bilan ahamiyatli.
– Oliy ta’lim muassasalarida 15 marotaba maqsadli tadbirlar o‘tkazilib, talaba qizlarga tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha zarur tushunchalar berildi, – deydi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor, katta leytenant Diyora O‘rozqulova. – Shuningdek, profilaktik va probatsiya ro‘yxatida turgan ayollarning muammolarini o‘rganish maqsadida 2-sonli IIB hududida o‘tkazilgan sayyor qabul bir necha xotin-qizlarning muammolari ijobiy hal etilishida zamin bo‘ldi.
Murakkab hayotiy vaziyatlar va ruhiy tushkunlikka tushib qolgan ayollar bilan ishlashda XQMB katta inspektorlarining xizmati katta bo‘lmoqda. Xotin-qizlar bilan ishlash jarayonida har bir ayolning taqdiriga individual yondashish tamoyili asosiy o‘ringa chiqqan. Xususan, katta leytenant Malika O‘roqova va leytenant Sarvinoz Xo‘jaqulova tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanib murojaat qilgan 71 nafar xotin-qizga himoya orderi rasmiylashtirilib, ularning xavfsizligi qat’iy ta’minlandi. Zo‘ravonlik oqibatida chuqur ruhiy tushkunlikka tushib qolgan ayollarning 3 nafari esa kapitan Saodat Muhamedovaning amaliy ko‘magi bilan Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markaziga joylashtirildi.
Leytenant S. Xo‘jaqulovaning sa’y-harakati bilan sog‘lig‘ida muammosi bo‘lgan 3 nafar ayol maishiy zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga shoshilinch tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan birlamchi ko‘mak xonasiga yo‘naltirildi va bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, Toshkent shahar IIBB HPB tomonidan o‘tkazilayotgan «Men kuchli ayolman» dasturining 5-bosqichi doirasida aniqlangan, ruhiy ko‘makka muhtoj va ishsiz 3 nafar ayol dastur ishtirokchisi sifatida ro‘yxatga olindi.
Tizimli ishlar davomida HPB XQMB katta inspektorlari tomonidan mahalla faollari bilan yaqin hamkorlikda ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, inspektorlar o‘zlariga biriktirilgan hududlardagi kam ta’minlangan va moddiy yordamga muhtoj ayollar holidan muntazam xabar olmoqda. O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida qisqa davr ichida ko‘makka muhtoj bo‘lgan o‘nlab xotin-qizlarga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilishi manzilli tashkil etildi.
Tuman ayollarini xavf-xatardan tezkor himoya qilish maqsadida inspektorlar tomonidan 300 nafardan ortiq xotin-qizlar «Mening inspektorim» mobil ilovasiga ulandi. Bu boradagi targ‘ibot va texnik ko‘mak ishlari tizimli ravishda davom ettirilmoqda.
Joriy yilning 18-fevralidan 1-martiga qadar «Turmush» deb nomlangan 10 kunlik profilaktik tadbiri ham bo‘lib o‘tdi. Bu jarayonga ichki ishlar organlari xodimlari bilan bir qatorda, soha mutaxassislari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ham jalb etildi. Tadbir davomida tuman miqyosida 87 ta nizoli oila to‘liq o‘rganildi. Ajrim yoqasidagi va nizoli oilalar dardi tinglandi hamda mahalla yettiligi bilan birgalikda muammolari hal etildi. Himoya orderi talablarini jiddiy tarzda buzgan shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Nizoli oilalar yashaydigan xonadonlarning bir nechtasiga «tashvish tugmasi» o‘rnatilib, oilaviy muhit sog‘lomlashishiga erishildi. Bundan tashqari, tadbirlar davomida 180 ga yaqin ko‘rgazmali targ‘ibot materiallari tarqatildi.
Tumanda xotin-qizlar bilan ishlash katta mas’uliyat namunasiga aylanib, xodimlarning har bir xonadonga qonun himoyachisi sifatida kirib borishi parokanda bo‘lish arafasida turgan oilalarni saqlab qolish va zo‘ravonlikka chek qo‘yish borasida o‘z samarasini bermoqda. Maqsad – har bir ayol o‘zining davlat himoyasida ekanini his qilishi va har bir oilada tinchlik-totuvlik barqaror bo‘lishiga erishish.
Sarvar SOBIROV, o‘z muxbirimiz
Abu KENJAYEV olgan suratlar
«Postda – На посту – At the post», №10 (4756), 2026-yil 5-mart