8 Noyabr 2025 Yil 0

Faxrdir, sharafdir vatanga xizmat

Donishmandlardan biri shunday yozgan edi: «Bolalarda Vatanga muhabbat uyg‘otishning eng yaxshi vositasi otalarning Vatanni sevishlaridir». Darhaqiqat, aksar oilalarda o‘g‘il bolalar ota kasbiga havas bilan ulg‘ayishadi. Chunki otalar o‘zlari bilmagan holda farzandlari qalbida sevgan kasblariga muhabbat uyg‘otadi.

– Otam Zakir Kushenov ichki ishlar organlarida uzoq yillar xizmat qilgan iste’fodagi katta serjant. Unga havas qilib, shu sohani tanlaganman, – deydi kapitan Baurjan Kushenov. – Otam men uchun ideal inson. Men har doim uningdek bo‘lishga intilaman, unga o‘xshagim keladi. Tarbiya borasida kezi kelganda qattiqqo‘l va talabchan bo‘lgan. Maktabda yaxshi o‘qishimizni doim nazorat qilib borardi. Kitob o‘qishni yaxshi ko‘radi. Otamning Vatanga sadoqati, muhabbati kuchli. Tanlagan kasbimda ham u kishiga o‘xshasam, deyman. Baurjan Kushenov ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 2014-yili Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasida boshlagan. Ayni paytda Sergeli tumani IIOFMB Probatsiya bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi lavozimida xizmat qilib kelmoqda.
Ichki ishlar organlari tizimida Vatanni sevuvchi o‘g‘illar, o‘g‘illariga har jihatdan o‘rnak bo‘ladigan otalar ko‘paysin, deymiz. Zotan, sharafli yo‘lni tanlaganlar hech qachon kam bo‘lmaydi.

Adolat FAYZIYEVA, o‘z muxbirimiz. Toshkent shahri.

© Postda – На посту, №45 (4739), 2025-yil 6-noyabr

Barcha yangiliklar

Text to speech