1 Fevral 2026 Yil 0

Ertaning egalari

Yakkasaroy tumanida otaliqqa olingan og‘ir toifadagi yoshlar bilan manzilli ishlar tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunda tuman bo‘yicha jami 202 nafar alohida e’tibor talab etuvchi yoshlar ro‘yxati shakllantirilgan. Ularning har biri tuman hokimi, prokurori, IIOFMB boshlig‘iga nomma-nom biriktirilgan.

Xususan, tuman IIOFMB boshlig‘i, podpolkovnik Alisher Murodov va o‘rinbosarlari tomonidan 64 nafar yosh otaliqqa olinib, ularning muammolarini hal etish hamda jamiyatda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘maklashish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shunchaki ro‘yxat shakllantirish bilan ish bitmaydi. IIOFMB rahbariyati har bir yoshning xonadoniga kirib, ular bilan yuzma-yuz suhbatlashildi. O‘rganishlar natijasida 21 nafar yoshni qiynab kelayotgan muammolar aniqlandi.
Aniqlangan muammolarni bartaraf etish maqsadida ishsiz yoshlarning bandligini ta’minlash va ularga moddiy yordam ko‘rsatish, fuqarolik pasportini rasmiylashtirish, yoshlarning bilim olishini qo‘llab-quvvatlash uchun chet tillarini o‘rgatish kurslari hamda oliy ta’lim muassasalaridagi shartnoma to‘lovlarini qoplash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilmoqda.
Masalan, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 3-bosqich talabasi M. Ro‘zimovning 7 million so‘mlik shartnoma puli to‘lab berildi. Bu nafaqat moddiy yordam, balki bir yigitning ilm olishiga va kelajakka bo‘lgan ishonchiga tikilgan sarmoya. Bundan tashqari, U. Abilov hamda V. Dolgixlarga shaxsini tasdiqlovchi hujjat olishda amaliy yordam berildi.
Shuningdek, yoshlar o‘rtasida ochiq muloqotlar ham tashkil etilmoqda. Xususan, «Rahbar va yoshlar» uchrashuvlarida kontrakt to‘lovlari, bandlik va tadbirkorlikka oid murojaatlar tinglanib, joyida yechim choralari belgilanmoqda.
Yoshlar bilan ishlash shunchaki hisobot emas, balki ertangi kunimiz egalarining taqdiriga daxldorlikdir. Tuman IIOFMB tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi xayrli ishlar «Hech bir yosh e’tibordan chetda qolmaydi» degan ezgu tamoyilning amaldagi ifodasidir.

Sarvar SOBIROV, o‘z muxbirimiz

© «Postda – На посту», №5 (4751), 2026-yil 29-yanvar

Barcha yangiliklar

Text to speech