Bronxial astma – geterogen kasallik hisoblanadi. Uning ko‘rinishi bir xil bo‘lsa-da, har bir bemorda turlicha sabab bilan paydo bo‘ladi. Belgilari har xil bo‘lishi, kimdadir yengil, boshqada og‘ir kechishi mumkin. Misol uchun, ba’zi bemorlarda allergiya tufayli, boshqalarda virus, zaharli moddalar yoki stress sababli paydo bo‘ladi. Uni davolashda har bir bemor uchun alohida yondashuv zarur.
Bronxial astma nafas yo‘llarining surunkali yallig‘lanishi bilan ifodalanadi. Unda nafas olish bilan bog‘liq simptomlar, masalan, nafas olish qiyinlashishi, qisishi, bo‘g‘ilishi, hushtaksimon xirillashlar, ko‘krakda bosim va og‘riq kuzatiladi. Yo‘tal, vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi va turli darajada namoyon bo‘ladi. Ushbu xastalik bilan og‘rigan bemorda sezgirlik juda kuchli bo‘ladi. Hatto oddiy kir yuvish kukunidan foydalanish ham astma xurujining kelib chiqishi uchun yetarlidir.
U yuqumli bo‘lmagan kasalliklar sirasiga kirib, nafas yo‘llarining yallig‘lanishi va torayishi bilan tavsiflanuvchi surunkali o‘pka xastaligi hisoblanadi. «Astma» so‘zi yunon tilidan tarjima qilinganda «bo‘g‘ilish», «og‘riq» degan ma’nolarni anglatib, u doimiy va takrorlanib turadigan bo‘g‘ilish xurujlari bilan kechadi.
Shuni aytish lozimki, bronxial astma surunkali xastalik bo‘lib, undan butunlay xalos bo‘lish qiyin. Biroq to‘g‘ri tanlangan muolaja usullari yordamida bemorning umumiy holatini uzoq va barqaror holatga olib kelish va bu orqali uning salomatligini yaxshilash mumkin.
Astma qancha erta aniqlansa, muolajalar shunchalik yaxshi foyda beradi. Aniqlangan xastalik bosqichiga ko‘ra, turli dori vositalari va fiziomuolaja (nafas yo‘llari gimnastikasi, mashqlar, suzish va boshqa chiniqtiruvchi usul)lar bilan ham davolanadi.
Shifokorlar kasallikdan himoyalanish uchun, eng avvalo, allergenlardan ehtiyot bo‘lishni tavsiya etadi. Ayniqsa, bemor yashayotgan uy ozoda bo‘lishi, xonalar tez-tez shamollatib turilishi, atrofda chang zarralari, kimyoviy vositalar, hayvonlar (mushuk, it) bo‘lmasligi lozim. Ammo inson hayoti davomida baribir allergenlarga duch keladi. Shu bois bemor bronxlarini himoya qila olishi kerak.
Bronxial astma bilan og‘rigan kattalarning uchdan bir qismi bolaligida aynan ushbu xastalikka chalingan bo‘ladi. O‘smirlik paytida undan xalos bo‘lgan odamlarning katta bo‘lganlarida astma xavfiga duchor bo‘lish ehtimoli yuqori. Bu paytda kasallikning rivojlanish xavfi irsiy omillar, shuningdek, atrof-muhitning ta’siri bilan yanada kuchayadi.
Tibbiyotda bronxial astmaning kelib chiqish sabablari orasida nasliy moyillik alohida tilga olinadi. Ayniqsa, allergik bronxial astmada irsiy omillar muhim o‘rin tutadi. Agar ota-onaning birida kasallik mavjud bo‘lsa, tug‘ilajak farzandda xastalikning ehtimoliy darajasi 20–30 foizni tashkil etadi. Bordi-yu, ota-onaning ikkisi ham astmatik hisoblansa, kasallikning nasl surish ehtimoli 75 foizni tashkil etadi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, ushbu xastalik bilan og‘rigan insonlarning yilda ikki bor tabiat qo‘ynida, ayniqsa, archa ko‘p ekilgan sihatgohlarda hordiq chiqarishi tavsiya etiladi. Eng asosiysi, iste’mol qilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari ham allergik ta’sirlardan xoli bo‘lishi talab qilinadi. Shuni unutmangki, agar hayot tarzingizda qat’iy tartibga rioya qilmas ekansiz, bu xastalik bilan kurashish ancha mushkul kechadi.
Feruza CHORIYEVA, Toshkent shahar IIBB Tibbiyot bo‘limi poliklinikasi oilaviy shifokori
© Postda – На посту, №42 (4736), 2025-yil 16-oktabr