24 Yanvar 2026 Yil 0

Achchiq saboq

Aka-uka – oilaning tayanchi, bir-biriga suyanch bo‘ladigan jigarlardir. Odatda aka ukasiga yo‘l ko‘rsatadi, uni himoya qiladi, hayotiy tajribasi bilan o‘rtoqlashadi. Uka esa akasidan o‘rnak oladi, qiyin paytda yelkadosh bo‘ladi. Aka-uka o‘rtasidagi mehr-oqibat, ishonch va hamjihatlik nafaqat oilaning barqarorligiga, balki jamiyatning kuchli bo‘lishiga ham xizmat qiladi. Shu bois har bir oilada akaning o‘rni alohida qadrlanadi. Akaning o‘zi ham ukalariga o‘rnak bo‘lishi shart. Biroq hayotda hamisha ham shunday bo‘lavermaydi…

O‘tgan yil dekabr oyida Toshkent shahrida yashovchi, Sh. Rahmonov hamda 2003-yilda tug‘ilgan S. Abdunazarovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularga nisbatan «qamoqqa olish» ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Mazkur jinoyat ishi Toshkent shahar Chilonzor tumani IIOFMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Komiljon G‘iyosiddinov yurituviga topshirildi.
Tovlamachilik jinoyatida ayblanayotgan yuqoridagi ikki nafar shaxs IIV huzuridagi JIEDga qarashli Markaziy tergov hibsxonasida saqla nayotgan, ularga nisbatan dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgan bir paytda ayblanuvchi Sh. Rahmonovning akasi — M. Rahmonov tergovchi bilan bog‘lanadi. U ukasiga nisbatan qo‘llanilgan «qamoq qa olish» ehtiyot chorasini o‘zgartirish, uni hibsdan ozod qilib, tergov harakatlarida uyidan qatnashiga ruxsat berishni so‘rab, buning evaziga 400 AQSH dollari miqdorida pora taklif qiladi.
Tergovchi fuqaroga bu kabi xatti-harakat qonunga zid ekani va og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkinligini qayta-qayta tushuntiradi. Shunga qaramay, u o‘z niyatidan qaytmay, pora taklif qilishdan to‘xtamaydi. O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida M. Rahmonov katta leytenant Komil G‘iyosiddinovning xizmat xonasida unga 400 AQSH dollarini pora tariqasida berayotgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olinadi. Natijada ushbu holat yuzasidan unga nisbatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.
Aka ukasiga bo‘lgan mehrini qonunni buzish bilan emas, balki to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish orqali ifodalashi lozim. M. Rahmonovning jigariga bunday «yordami» esa faqat og‘ir oqibatlarga olib keladi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, ichki ishlar organlari tizimida katta leytenant Komiljon G‘iyosiddinov kabi fidoyi, qasamyodiga sodiq, ishiga mas’uliyat bilan yondashadigan, adolat va halollikni hayotiy shior deb bilgan xodimlar ko‘p. Ana shunday vijdonli insonlar jamiyatda qonun ustuvorligini va fuqarolarning adolat tantanasiga ishonchini mustahkamlamoqda.

Mazkur voqea barchamiz uchun jiddiy saboq bo‘lishi kerak. Aka degan nom mas’uliyat va o‘rnakni anglatadi. Haqiqiy yordam – qonunni chetlab o‘tish emas, balki yaqinlarini halollik va to‘g‘ri hayot yo‘liga boshlashdir. Ana shundagina oila mustahkam, jamiyat sog‘lom, kelajak esa porloq bo‘ladi.

Adolat FAYZIYEVA, o‘z muxbirimiz

© «Postda – На посту», №4 (4750), 2026-yil 22-yanvar

Barcha yangiliklar

Text to speech