9 Mart 2024 Yil 1570

Chilonzor tumanida kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy savdosiga chek qo‘yildi

Toshkent shahar IIBB xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning analoglari bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish faktlarini aniqlash va ularga chek qo‘yish borasida samarali ishlarni davom ettirmoqda.

Joriy yilning 12-13 fevral kunlari o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Chilonzor tumanida kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning muomalasi bilan bog‘liq holat aniqlandi. O‘zini shubhali tutgan ikki nafar shaxslar xodimlar tomonidan to‘xtatildi. Xolislar ishtirokida tekshirilgan 29 yoshli Shoxrux Muxammedov va 25 yoshli Abdulvosit Muxammedovning yonida, shuningdek Sh. Muxammedovga tegishli “SPARK” rusumli avtomobil salonida 53 dona “Zardeks” kapsulalari aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Suhbat davomida gumonlanuvchilar ushbu moddalarni 29 yoshli Shoxumardan noqonuniy ravishda sotib olganliklarini maʼlum qilishgan. Tezkor tadbir davomida xodimlar kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy sotish bilan shug‘ullangan Shoxumar Yo‘ldoshevni qo‘lga olishdi. Uning yashash manzili xolislar ishtirokida tekshirilganda, 1 939 dona “Zardeks” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273, 251-1-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.

Hurmatli fuqarolar, agar siz ushbu shaxslarning kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari savdosi bilan shug‘ullanganligi, giyohvandlik vositalarini yashirganligi yoki boshqa jinoyatlarga aloqadorligi haqida biror maʼlumotga ega bo‘lsangiz, Toshkent shahar IIBBning 71-206-45-69, 71-206-49-46 yoki 102 raqamlariga yoxud yaqin oradagi IIBga murojaat qilishingizni so‘raymiz. Murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

Barcha yangiliklar

Text to speech