19 Fevral 2026 Yil 443

Yoshlar urtasida giyohvandlikka qarshi kurashish oyligi doirasida voleybol musobaqasi o‘tkazildi

Yurtimizda yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ularni giyohvandlik va boshqa salbiy illatlardan asrash maqsadida keng qamrovli profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shu munosabat bilan mahalla yoshlari o‘rtasida voleybol sport turi bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.

Mazkur musobaqa Yunusobod tumani IIO FMB boshlig‘ining ochiq kubogi uchun o‘tkazilib, unda tuman hududidagi mahallalardan tuzilgan jamoalar faol ishtirok etdilar. Sport tadbiri yoshlarni bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ular o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, eng muhimi, sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qilishga qaratildi.

Musobaqaning ochilish marosimida so‘z olgan masʼullar yoshlarni turli yot g‘oyalar va zararli odatlardan yiroq bo‘lishga chaqirib, sport insonni irodali, chidamli va maqsadga intiluvchan qilib tarbiyalashini taʼkidladilar. Shuningdek, giyohvandlikning salbiy oqibatlari haqida tushunchalar berilib, har bir yosh o‘z kelajagi uchun masʼul ekani eslatib o‘tildi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarda jamoalar g‘alaba uchun astoydil harakat qildilar. Yakunda g‘olib va sovrindor jamoalarga kubok, diplom va esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Barcha ishtirokchilarga faolligi uchun minnatdorchilik bildirildi.

Bunday sport musobaqalari yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ularni jismonan va maʼnan barkamol etib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi, yoshlarning ertangi kuniga ishonch bilan qarashiga xizmat qiladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech