27 Fevral 2026 Yil 223

“Yoshlar kuni” doirasidagi tadbirlar

Joriy yilning 24-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan o‘tkazgan uchrashuvida har haftaning payshanbasi “Yoshlar kuni” deb belgilangan, vazirlik, idora va hokimliklar tomonidan ushbu kunda diqqat-e’tibor yoshlar bilan bog‘liq jarayonlarni o‘rganishga qaratilishi lozimligiga urg‘u berilgandi. Shu munosabat bilan poytaxtimizning Sergeli tuman hokimi D.Istamov, prokurori O‘.Daulenov, IIO FMB boshlig‘i B.Anvarovlar tumanda joylashgan xususiy maktablardan biriga tashrif buyurishdi. Tashrif davomida maktabning zamonaviy o‘quv sharoitlari, iqtidorli o‘quvchilar tomonidan taqdim etilgan innovatsion startap loyihalari bilan tanishildi. Hokim va yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda yoshlarning muammolariga e’tibor qaratilib, ularning taklif va g‘oyalari tinglandi. Muloqot chog‘ida yoshlarning dadil g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib shart-sharoitlar yaratish mutasaddilarning asosiy vazifalari ekanligi ta’kidlanib, eng yaxshi deb topilgan loyiha mualliflariga esdalik sovg‘alari topshirildi. Guruh a’zolari tumandagi zamonaviy ta’limning eng ilg‘or yo‘nalishlari o‘zaro integratsiya qilingan 266-sonli maktabda bo‘lishib, robototexnikadan “STEM” ta’limigacha bo‘lgan jarayonlar bilan tanishdilar. Robototexnika markazi o‘quvchilari mehmonlarga o‘z qo‘llari bilan yasagan robotlar va dasturlash jarayonlarini namoyish etishdi. O‘quv xonalarining jihozlanishi, fanlarning zamonaviy texnologiyalar yordamida amaliyot bilan uyg‘un holda olib borilishi bo‘yicha yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi. Har bir o‘quvchi uchun teng imkoniyat yaratish maqsadida tashkil etilgan maxsus inklyuziv ta’lim faoliyati o‘rganildi. Mehmonlar yosh ixtirochilarning texnik ishlanmalari bilan tanisharkan, ularni yuqori baholashdi.
Toshkent Ijtimoiy innovatsiya universitetiga tashrifi davomida universitet hududida bank shahobchasining ochilish marosimi o‘tkazildi. Mazkur shaxobcha bitiruvchi yoshlar uchun o‘ziga xos imkoniyatlar markazi bo‘lib, talabalarning biznes loyihalari uchun past foizli imtiyozli kreditlar ajratish va ularning bandligini ta’minlashga ko‘maklashish tizimi yo‘lga qo‘yilganligi bilan ahamiyatlidir. Shuningdek, “Kelajakka qadam” loyihasi doirasida bitiruvchilarga o‘z bizneslarini boshlashda moliyaviy dastak va kafolatlangan ish o‘rinlari bo‘yicha aniq tushunchalar berildi.
Yakkasaroy tumanida joylashgan Toshkent To‘qimachilik va yengil sanoat instituti talabalari turar joyida gulxan atrofida tashkil etilgan “Yoshlar kuni” tadbiri ko‘tarinki ruh, samimiy muhit va unutilmas lahzalarga boy tarzda o‘tdi. Bayram doirasida turli madaniy, ijodiy chiqishlar, qiziqarli tanlov va musobaqalar, interaktiv o‘yinlar tashkil etildi. Mazkur tadbir yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, do‘stlik va hamjihatlik muhitini yaratishga qaratildi. Ushbu tadbir nafaqat madaniy balki talabalar birligi, ijodkorligi va tashabbuskorligini namoyon etgan chinakam bayramga aylandi.
Yakkasaroy tumanidagi probatsiya hisobida turuvchi yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot doirasida tuman rahbariyati va boshqa mutasaddilar ularning murojaatlarini tingladi, taklif va muammolarini o‘rgandi. Bu uchrashuv “jazo emas, imkoniyat”, “chetlatish emas, qo‘llab-quvvatlash” tamoyili asosida tashkil etildi.
Shu kuni tumanda “Yakkasaroy yoshlari” volontorlar guruhining faoliyatiga bag‘ishlangan uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi. Ochiu muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda yangi rejalar muhokama qilindi, ushbuvolontorlik harakatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
“Yoshlar kuni” munosabati bilan Yangihayot tumani “Do‘stlik” mahallasida joylashgan “Buyuk turon” harbiy maktabida o‘quvchi yoshlar bilan tuman IIO FMB boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik A.Turginov, HPB boshlig‘i podpolkovnik A.Qodirov tomonidan davra suhbati o‘tkazildi. Shunday tadbir tumanda joylashgan “Toshkent turizm va madaniy meros” texnikumida tahsil olayotgan o‘quvchi yoshlar bilan ham o‘tkazildi. Unda yoshlarning muammolari atroflicha o‘rganilib, ularni hal etish bo‘yicha dasturlar belgilab olindi.
Mazkur xayrli tadbirlar ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan yosh xodimlarni ham chetlab o‘tmadi. Fikrimizning dalili sifatida Uchtepa tumani IIO FMBDA xizmat qilayotgan yosh xodimlarning poytaxtimizda joylashgan Adiblar xiyoboniga uyushtirilgan tashrifini misol keltirish mumkin. Yosh xodimlar tashriflar chog‘ida yurtimiz tarixiga oid hamda adabiyot sohasida yaratilgan durdona asarlar haqida qiziqarli ma’lumotlar bilan tanishib, ulkan ta’surotlarga ega bo‘lishdi.
Bektemir tumani “Rohat” mahallasida profilaktik hisobda turuvchi yoshlar bilan uchrashuvda probatsiya nazoratida turuvchi yoshlar hamda hamkor tashkilotlar mas’ullari qatnashdi. Uchrashuvda mas’ullar ishtirokida sud muhokamalari o‘tkazilib, halol mehnatni, to‘g‘ri hayot yo‘lini tanlagan, qilmishidan chin yurakdan pushaymon bo‘lgan shaxslarga nisbatan tayyorlangan taqdimnomalar o‘rganilib, suhbatlar natijasida olti nafar shaxs Respublika Jinoyat kodeksining 73-moddasiga binoan muddatidan ilgari shartli ravishda jazodan ozod etildi, bir nafar mahkumning o‘talmay qolgan jazo muddati og‘irrog‘iga almashtirildi.
Shu kuni tumanda joylashgan 293-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilar bilan “Jaholatda qarshi ma’rifat” mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida mutasaddi mas’ullar hamda yuqori sinf o‘quvchilari qatnashdilar.
Shuningdek, tumanda joylashgan “PROFI university” oliy ta’lim muassasasida talaba yoshlar bilan bo‘lgan uchrashuvda Prezidentimizning joriy yilning 24 fevralida yoshlar bilan uchrashuvida ko‘tarilgan masalalarning mazmun-mohiyati, shuningdek, kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va jinoyat qurboniga aylanib qolmaslik mavzularida profilaktik mazmundagi muloqot o‘tkazildi. Yoshlar tarbiyasiga bog‘liq tadbirlar davom ettirilib, tuman IIO FMB boshlig‘i, podpolkovnik U.Agzamxodjayev tomonidan yoshlarning harbiy ko‘nikmalarini shakllantirish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida bir guruh tuman yoshlari harbiy prokuratura huzurida joylashgan elektron o‘q otish tiriga jalb etildi.
Tuman “Oila va xotin-qizlar maskani”da Mediatsiya komissiyasi tomonidan “Nurli yo‘l”, “Majnuntol”, “X.Bayqaro” mahallalarida ajrim yoqasiga kelib qolgan to‘rt oilaning muammolari o‘rganilib, ularni yarashtirish choralari ko‘rildi. Suhbat chog‘ida oilaviy nizolarning sabablari, ularni bartaraf etish yo‘llari, farzand tarbiyasi va sog‘lom muhit yaratish masalalari muhokama etildi. Har ikki tomonga oila mustahkamligini ta’minlash, farzandlar tarbiyasi uchun sog‘lom muhit yaratish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Bu kabi ezgulik va xayrli maqsadlar yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar poytaxtimizning barcha tumanlarida olib borilmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech