Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida dual taʼlim tizimi boʻyicha hisobot yigʻilishi boʻlib oʻtdi
Unda IIV akademiyasi va Toshkent shahar IIBB rahbariyati, poytaxtning Chilonzor, Yunusobod, Mirzo Ulugʻbek va Mirobod tuman IIOFMBlari masʼullari, murabbiylikka biriktirilgan xodimlar hamda bitiruvchi kurs kursantlari qatnashdi.
Yigʻilishda dual taʼlim boʻyicha ichki ishlar organlarida tashkil etilayotgan amaliyot jarayonlari, faoliyatda erishilayotgan natijalar va kelgusidagi vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan yangi tizimning yoʻlga qoʻyilgani taʼlimni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etayotgani, puxta bilim va amaliy koʻnikmalarga ega kursantlar kelgusida tizim uchun asosiy tayanch kadrlar boʻlib yetishishi taʼkidlandi.
Ayniqsa “poytaxt namunasi” asosida xavfsiz muhitni shakllantirish maqsadida kursantlarning jamoat tartibini saqlash, mahallalarda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi muammolari oʻrganish hamda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirishga faol jalb qilinayotgani ijobiy samara berayotgani aytib oʻtildi.
Yigʻilishda dual taʼlimning natijadorligi murabbiy va kursantlar oʻrtasida ustoz-shogirdlik tizimining samarali yoʻlga qoʻyilganiga bevosita bogʻliq ekanligi, oʻrganishlar davomida bu borada ayrim kamchiliklar aniqlangani tanqid qilindi. Shundan kelib chiqib, masʼullarga zimmalariga yuklatilgan vazifalarni yuqori masʼuliyat bilan bajarishi yuzasidan topshiriq berildi.
Yigʻilish yakunida tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi. Oʻzini ijobiy tomondan namoyon etgan bir guruh xodimlar va kursantlar faxriy yorliq hamda esdalik sovgʻalari bilan ragʻbatlantirildi.