15 Yanvar 2025 Yil 124

Toshkentda “Xavfsiz va sog‘lom poytaxt” oyligiga start berildi

Toshkent shahrida tinchlik va osoyishtalikni saqlash, jamoat tartibini ta’minlash, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish maqsadida barcha huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tun-u kun xizmat olib bormoqda. Lekin shunga qaramasdan giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va kuchli ta’sir qiluvchi vositalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyatlar salmog‘i yuqoriligi achinarli holatdir.
Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan bu turdagi jinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida poytaxtda 2024-yil davomida aniqlangan holatlar yuzasidan 3 447 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatlarning 2 413 tasi yoki 70 foizi internet tarmog‘i bilan bog‘liq holda sodir etilgan. Tadbirlar natijasida 238 kg 815 gramm giyohvandlik, psixotrop moddalar, kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari tegishli tartibda rasmiylashtirilib, noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi. Bu har bir raqam ortida inson taqdiri, fuqarolar sog‘lig‘i, yoshlarning kelajagi yotganligini unutmasligimiz kerak.
Toshkent shahrida bu kabi jinoyatlarga keskin kurashish va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish maqsadida, 2025-yilning 15-yanvar kunidan “Xavfsiz va sog‘lom poytaxt” kompleks maxsus tezkor-profilaktik tadbirlar oyligi boshlandi. 15-fevral kuniga qadar davom etadigan oylik doirasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tun-u kun xizmat tashkil etilib, kunduzgi va tungi maxsus guruhlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Oylik doirasida kuchaytirilgan tartibda tungi reydlar o‘tkazilib, o‘tkir tig‘li va boshqa taqiqlangan buyumlarni olib yurish, giyohvandlik vositalarini tarqatish ("zakladchik"), “narkograffiti” bilan shug‘ullanish kabi holatlar aniqlanib, qonuniy qaror qabul qilinishini ta’minlanadi.

Hurmatli hamshaharlar va poytaxtimiz mehmonlari! Siz ham ushbu oylik doirasida faol ishtirok etishingizni so‘raymiz. Giyohvandlik moddalari yoki kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini tarqatish bilan shug‘ullanuvchilar, shuningdek narkograffiti yozuvlarini yozib ketuvchi shaxslar haqida biror ma’lumotga ega bo‘lsangiz, 71-206-44-79 telefon raqamiga yoki @stopnarko_bot telegram bot orqali murojaat qilishingiz so‘raymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

Barcha yangiliklar

Text to speech