23 Fevral 2026 Yil 245

Toshkent shahar IIBB rahbariyatining navbatdagi qabuli Uchtepa tumani aholisining murojaatlarini o‘rganishga qaratildi

Davlat organlari faoliyatining ochiqligi, har bir murojaatga e’tibor va aholi bilan ochiq, samimiy muloqot darajasi jamiyat taraqqiyotining muhim mezonlaridan biridir. Mazkur dargohlarga tashrif buyuruvchilar uchun qulay shart-sharoitlar, muhitning yaratilishi bu jarayonning samaradorligini oshirsa oshiradiki, kam qilmaydi. Poytaxt IIBB rahbariyatining navbatdagi sayyor qabuli Uchtepa tumani aholisining murojaatlarini o‘rganishga qaratildi. Rahbariyat qabuliga 30 dan ziyod yuridik hamda jismoniy shaxslardan murojaatlar kelib tushdi. Murojaatchilarning muammolarini tinglash, bayon etilgan vaj-karsonlar, ko‘tarilgan masalalarni o‘rganish davomida ularning 5 tasi qabulxonaning o‘zida ijobiy hal etildi. 2 tasi bo‘yicha malakali huquqiy tavsiya va takliflar berildi. O‘rganib qonuniy xulosa chiqarish uchun qo‘shimcha muddat talab etiladigan 20 ta murojaatlarning ijrosi bo‘yicha sohaviy xizmat rahbarlariga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berilib, nazoratga olindi. Murojaatlar mazmun-mohiyatiga ko‘ra: surishtiruv va tergov harakatlari, mol-mulk va pul mablag‘larini undirish, xizmat faoliyatini boshqa ichki ishlar organlariga ko‘chirish, yo‘l belgilarini o‘rnatish, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga oid, probatsiya hisobidan chiqarish, oila-turmush doirasida kelishmovchiliklar kabilarni tashkil etdi.
Barcha murojaatlar rahbariyat tomonidan e’tibor bilan tinglanib, ularda keltirilgan masalalarga yechim topish bo‘yicha tegishli qaror va ko‘rsatmalarning berilishi, aholining adolatga, qonuniy haq-huquqlarini himoya qilishga bo‘lgan ishonchini yanada orttirishga xizmat qilmoqda.

Qabuldan so‘ng Bosh boshqarma boshlig‘i uzoq yillar ichki ishlar organlarida xizmat qilib nafaqaga chiqqan 91 yoshli faxriy xodim xonadoniga bordi. Bir piyola choy ustida nuroniyning xizmat yillari yodga olinib, ayni kunlarda ichki ishlar xodimlari xizmati uchun yaratilayotgan ish shart-sharoitlari haqida suhbatlashildi. Shuningdek, bugungi kunda mamlakatimizda ichki ishlar organlari xodimlarining malakasini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar samarasi sifatida yosh profilaktika inspektoriga tegishli ko‘rsatma va nasihatlar berildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech