2 Mart 2026 Yil 113

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi

Shiddat bilan rivojlanayotgan hayotimizda ro‘y berayotgan yuksalish jarayonlari o‘zini barcha sohalarda namoyon etmoqda. Mustaqillikning ilk yillaridanoq yurtimizda milliy o‘zligimizni anglash, boy tarixiy, madaniy, ilmiy merosimizning asl mazmun-mohiyatini chuqur anglash, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish” g‘oyasini amalga oshirishga kirishildi. Bugungi Ma’naviyat va ma’rifat darsi “Yangi O‘zbekiston – uchinchi Renessans yo‘lida” nomi bilan aynan shu mavzuga bag‘ishlandi. Yangi asr universiteti akademik bo‘lim boshlig‘i, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dots.nt Azizbek Mo‘minov poytaxt IIBB majlislar zaliga yig‘ilgan shaxsiy tarkib oldidagi ma’ruzasini yurtimizning qadim tarixi, mintaqamizda yuz bergan Birinchi sharq uyg‘onish davridan buyon davom etayotgan jarayonlarga to‘xtalarkan, har ikki Uyg‘onish davrida eng muhim jihat –davlatning e’tibori, mamlakat boshqaruvida olib borilgan odilona va oqilona siyosat, ta’lim-tarbiya masalalari ustuvor bo‘lganligini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, yurtimizda boshlangan bunyodkorlik, yangilanishga qaratilgan jarayonlar izchil davom ettirilib, xalqmiz orzu qilgan buyuk davlat, farovon kelajak barpo etish yo‘lidagi sa’y-harakatlarimiz albatta o‘z samarasini ko‘rsatishiga ishonch bildirildi. Ma’ruzada ko‘plab tarixiy ma’lumotlarning keltirilishi yig‘ilganlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbir “Tahlilnoma” axborot dasturi namoyishi bilan yakunlandi.

Barcha yangiliklar

Text to speech