Vatanimizning boy tarixi, qadim asori-atiqalari, madaniyati, ilm-fan yutuqlari qatorida zaminimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik, mo‘l-ko‘lchilik mamlakatimiz hayoti bilan tanishish, o‘rganishni orzu qiladigan sayyohlarni ohanrabodek o‘ziga tortadi. Shu bois yildan-yilga sayyohlarning oqimi oshib, yurtimizning dunyo miqyosida maqomi yuksalib borayotgani kishini quvontiradi.
Lekin afsuski, mana shunday rivojlanishga qaramay, yirik bozorlarimiz, yo‘llarimiz, chorrahalarimizda va boshqa jamoat joylarida tilanchilik bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxslarning borligi achinarli holat. Tilanchilik qilish qonun bilan taqiqlangan bo‘lishiga qaramasdan, ayrim shaxslar bu qilmishni o‘ziga daromad manbaiga aylantirib olgan.
Fikrimizning dalili sifatida birgina joriy yilning iyun oyida poytaxtimizda tilanchilik bilan shug‘ullanayotgan shaxslarga qarshi o‘tkazilgan tezkor-profilaktik tadbirlar davomida uch yuzga yaqin shaxslar aniqlanib, tegishli choralar ko‘rilgan.
Jumladan, 70 nafariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 188 prim 3-moddasiga asosan (“Tilanchilik qilish”) ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan, 47 nafari ma’muriy jarimaga tortilgan. 68 nafari bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan va sud tomonidan ogohlantirilgan. 44 nafar voyaga yetmaganlar “Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaz” lariga topshirilgan. 15 nafarining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari aniqlanmaganligi sababli Reabilitatsiya markaziga yuborilgan, 2 nafar shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 127 prim 1-moddasiga asosan (“Tilanchilik qilish”) jinoyat ish qo‘zg‘atilgan. Qolgan shaxslarga nisbatan tekshiruv ishlari davom etmoqda.
Agar joriy yilning yarim yillik hisobotiga murojaat qilsak, tilanchilikni o‘ziga kasb qilib olgan 1880 nafar shaxslar aniqlangani afsuslanarli holdir. Foydali mehnat bilan shug‘ullanmay, o‘ziga tilanchilikni kasb qilganlar nafaqat yurtimizning nufuzi, sha’ni balki, sayyohlarning vatanimiz haqidagi tasavvurlariga ham jiddiy putur yetkazayotgani sir emas. Shu o‘rinda ishlamay yengil pul topish payida bo‘lgan ayrim shaxslarga tilanchilik uchun O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 188 prim 3-moddasida ma’muriy javobgarlik belgilanganligini eslatib o‘tmoqchimiz. Bu turdagi huquqbuzarlik bilan shug‘ullanish – bazaviy hisoblash miqdorining uch baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. Voyaga yetmagan shaxslarni, keksa yoshdagi shaxslarni, ruhiy holati buzilgan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni va boshqa shaxslarni tilanchilik qilishga jalb etish, shuningdek, shaxslarga alkogolli ichimliklarni yohud giyohvandlik moddalari yoki psixotrop moddalar bo‘lmagan, lekin shaxsning aql-idrokiga ta’sir ko‘rsatuvchi moddalarni majburan iste’mol qildirgan holda ularni tilanchilik qilishga jalb etish, – bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Shunday qilmish ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin sodir etilsa, shuningdek takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan; uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab; boshqa shaxsni giyohvandlik vositalarini, ularning analoglarini yoki psixotrop moddalarni iste’mol qilishga majburlagan holda sodir etilgan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 127 prim 1-moddasiga asosan jinoiy javobgarlikka tortishga sabab bo‘ladi va besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.