17 Yanvar 2026 Yil 2949

Tezkor-qidiruv xizmati Qidiruv bo‘limi tomonidan amalga oshirilgan ishlar: yil yakuni sarhisob qilindi

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilanganidek – jinoyatga jazo muqarrar. Jinoyat sodir etgan har bir shaxs sodir etgan qilmishi uchun qonun oldida javob beradi. Jinoiy javobgarlikdan qochib qutulib qolish maqsadida tergov va sud organlaridan yashiringan shaxslar bilan Tezkor-qidiruv xizmati Qidiruv bo‘limi xodimlari shaxsan shug‘ullanadi.

O‘tgan 2025 yil davomida Toshkent shahar IIBB va uning hududiy tizimlari, prokuratura va sud organlari tomonidan qidiruv e’lon qilingan jami 3923 nafar shaxsning 2146 nafari aniqlanib ushlangan. 94 nafarining qidiruv ishlari hududiylik bo‘yicha yuborilgan.

Qidiruvdagi shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida belgilangan moddalar kesimidagi tahlili:

▫️ 97-modda (“Qotillik”) – 6 nafar;

▫️ 104-modda (“Og‘ir tan jarohati yetkazish”) – 18 nafar;

▫️ 118-modda (“Nomusga tegish”) – 5 nafar;

▫️ 164-modda (“Bosqinchilik”) – 16 nafar;

▫️ 165-modda (“Tovlamachilik”) – 14 nafar;

▫️ 166-modda (“Talonchilik”) – 38 nafar;

▫️ 135-modda (“Odam savdosi”) – 7 nafar;

▫️ 169-modda (“O‘g‘irlik”) – 293 nafar;

▫️ 168-modda (“Firibgarlik”) – 1084 nafar;

▫️ 167-modda (“O‘zganing mulkini talon-taroj qilish”) – 83 nafar;

▫️ 277-modda (“Bezorilik”) – 48 nafar;

▫️ 273-276-moddalar (Giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq) – 143 nafar;

▫️ terrorizm va diniy ekstremizm bilan bog‘liq jinoyatlar – 20 nafar;

▫️ boshqa turdagi jinoyatlar bo‘yicha 443 nafar.

Bundan tashqari, respublika hududidan chiqib qochib ketgan 86 nafar qidiruvdagi shaxslar MDH va boshqa chet el huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida ushlangan. Ulardan 73 nafari MDH davlatlarida, 17 nafari boshqa davlatlar hududlarida qo‘lga olingan. 67 nafari 2025 yil davomida O‘zbekiston Respublikasiga ekstraditsiya qilinib, jazo muqarrarligi ta’minlangan.

Tergov va sud organlariga kelishdan bo‘yin tovlab yurgan, biroq rasmiy qidiruv e’lon qilinmagan jami 741 nafar shaxslar ham o‘z vaqtida aniqlanib, tergov va sud organlariga keltirilgan.

Shuningdek, uzoq yillar avval jinoyat sodir etib, tergov va sud organlaridan qochib yurgan 73 nafar qidiruvdagi shaxslar ushlanib, jazo muqarrarligi ta’minlangan. Misol uchun, Jinoyat kodeksining 135-modasi 3-qismida (“Odam savdosi”) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan 1977 yilda tug‘ilgan N.Risolat 2012 yildan beri qidiruvda bo‘lgan. Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu shaxs 2025 yilning 19 mart kuni ushlangan. 2019 yildan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (“Qasddan odam o‘ldirish”) bilan ayblanib qidiruv e’lon qilingan 1984 yilda tug‘ilgan T.Oleg 2025 yilning 23 yanvar kuni IIO xodimlar tomonidan qo‘lga olingan.

Qidiruvdagi shaxslarning ushlanishi – fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yo‘llagan murojaatlari hal etilishiga, buzilgan huquqlari tiklanishiga, yetkazilgan moddiy zararlar qoplanishi ta’minlanishiga, davlat idoralaridan rozi bo‘lishiga xizmat qilmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech