Poytaxtimizda giyohvandlik va psixotrop vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash oyligi doirasida hududlarda keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Og‘ufurushlar va ularning kirdikorlarini fosh etish borasida murosasizlik va puxtalik bilan olib borilayotgan shahar IIBB, Yunusobod tumani IIO FMB, Toshkent shahri bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati xodimlarining hamjihatlikdagi xatti-harakatlari tufayli yana bir jinoiy qilmishga barham berildi. Yunusobod tumanida katta miqdordagi kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasi to‘xtatib qolindi. O‘zini shubhali tutgan 2006 yilda tug‘ilgan H. IIO xodimlari tomonidan to‘xtatilib, xolislar ishtirokida tekshirilganda, kiyimining chap va o‘ng cho‘ntaklaridan 50 dona psixotrop dori vositalari topildi. Bundan tashqari uning yashash manzili onasi va xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda uyning kirish yo‘lagi shiftidan 335 dona, isitish moslamasi tizimi ichidan 125 dona jami 510 dona inson ruhiyatiga kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi. Mazkur holat bo‘yicha Yunusobod tumani IIO FMB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251 prim1-moddasi (“Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchi H.ga ehtiyot chorasi sifatida qamoq qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.