Talabalar orasida jinoyatchilik va huquqbuzarlik holatlarining oldini olish bo‘yicha profilaktik uchrashuvlar
Yoshlarni jamiyatimizga yot, kelajagini tanazzulga yetaklovchi zararli oqibatlardan himoyalash, barkamollikka erishishlarida to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish, yo‘lchiroq bo‘lish biz kattalarning burchimizdir. Joriy yilning 18 fevral kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining talabalari, bilim dargohi maʼmuriyati, professor-o‘qituvchilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” ana shu mavzularga qaratildi. Ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan profilaktik tadbirda Uchtepa tumani IIO FMB boshlig‘ining o‘rinbosarlari, profilaktika inspektorlari yig‘ilganlar eʼtiboriga jinoyatchilikka qarshi kurash, giyohvand moddalarining noqonuniy aylanmasi, uning mudhish oqibatlari, kiberjinoyatchilik va boshqa huquqbuzarliklar haqidagi hayotiy maʼlumotlarni taqdim etarkan, bu kabi jinoyatlarga, huquqbuzarliklarga qarshi kurash nafaqat ichki ishlar xodimlarining vazifasi, balki har bir fuqarodan ogohlik va hushyorlik talab etiladigan muhim jarayonligi, ayniqsa yoshlar o‘z kelajagiga masʼul bo‘lishlari, ijtimoiy tarmoqlardagi turli yolg‘on vaʼdalar va eʼlonlarga ishonmasligi haqida ogohlantirish berdilar. Har bir jinoiy qilmish uchun qonunda belgilangan jazo turlari haqida maʼlumotlar keltirilib, yoshlar ogohlik va hushyorlikka chaqirildi.Tadbir yakunida masʼul xodimlar talabalarning mavzuga oid ko‘plab savollariga javoblar berishdi. Mazkur profilaktik tadbir yoshlarning huquqiy bilimlarini yana-da mustahkamlab, qonunlarga hurmat bilan yondashish, o‘z hayotlari va kelajagi uchun masʼuliyatni his qilish kabi tuyg‘ularni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.