16 Oktyabr 2024 Yil 176

Tajriba o‘z-o‘zidan kelmaydi

Poytaxt IIBBda ko‘p yillar ishlab, boy tajriba orttirgan malakali xodimlar talaygina. Ularning ish faoliyati, tinchlik-osoyishtalikni saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olishdagi xizmatlari haqida qancha  yozsak shuncha oz. Shundaylardan biri Yashnobod tumani IIO FMB 3-sonli IIB boshlig‘ining o‘rinbosari, podpolkovnik Qurbonnazar Jumaniyozovdir. O‘zbekiston Qurolli kuchlarida yigitlik burchini o‘tab qaytgan Qurbonnazar kasb tanlashda ikkilanib o‘tirmadi. 1995 yilda poytaxtning Uchtepa (avvalgi Akmal Ikromov) tumani IIB navbatchilik qismida ilk xizmatini boshladi. Yosh, intiluvchan va g‘ayratli yigit xizmat sohalariga qiziqishi tufayli tahliliy bo‘lim, profilaktika, yong‘in xavfsizligi va boshqa sohalarda o‘z faoliyatini davom ettirdi. 2022 yildan esa yuqorida ko‘rsatilgan lavozimda sidqidildan xizmat qilib kelmoqda. Bo‘lim hududi 16ta mahallani qamragan. Ularda yetmish sakkiz mingdan ortiq turli millat vakillari tinch-totuvlikda istiqomat qilib kelmoqda. Turli yoshdagi aholi va 13 mingdan ortiq o‘smir-yoshlar bilan muntazam ravishda jinoyatchilikning oldini olish, huquqbuzarliklarga qarshi kurash borasida turli tadbirlar amalga oshirib kelinyapti. Ayni kunlarda poytaxtimiz hududida  “Giyohvand va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash oyligi”da davra suhbatlari, uchrashuv va boshqa tushuntirish, ogohlantirish ishlari olib borilmoqda.

Amalga oshirilgan tezkor va profilaktik tadbirlar natijasida 2024 yilda Yashnobod tumani 3-sonli IIB hududidagi mahallalarda sodir etilgan jinoyatlar  salmoqli darajada kamaydi.Sodir etilgan jinoyatlarning fosh etilishi 80 foizdan 91 foizga yaxshilandi.

O‘ttiz yilga yaqin xizmat faoliyati davrida Qurbonnazar ko‘plab shogirdlar yetishtirishga muvaffaq bo‘ldi. Ular ichki ishlar organlarining barcha sohalarida,  rahbarlik lavozimlarida poytaxtimizning turli tumanlarida  samarali mehnat olib borishmoqda. Taʼkidlash mumkinki,  shu kungacha shogird va ustozlar o‘rtasidagi rishtalar uzilmagan va shogirdlar istalgan vaqtda maslahat so‘rab murojaat qilishadi.     

— Xizmatimda  ko‘plab voqealarning shohidi bo‘ldim, – deydi podpolkovnik Q.Jumaniyozov. – Arzimagan narsalar uchun, nafsini jilovlay olmay mudhish jinoyatlarga qo‘l urgan, oilasi, farzandlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygan ota-onalar, yo‘lini yo‘qotib adashib-uloqib yurgan, giyohvandlik va ichkilikka berilgan  shaxslarni to‘g‘ri yo‘lga solish, odamiylik qiyofasini yo‘qotmasligi uchun yordam berishga harakat  qildim. Holbuki, ular yurtdoshlarimiz, vatandoshlarimiz. Ularga befarq bo‘lsak, baxtli kelajagimizni yaratishimiz qiyin kechadi.

Podpolkovnik Qurbonnazar Jumaniyozovning ko‘p yillik fidoyi xizmatlari Toshkent shahar IIBB rahbariyati, IIV tomonidan munosib taqdirlanib borildi. Turli faxriy yorliqlar, pul mukofotlari bilan birga 2022 yilda O‘zbekiston Respublikasi IIV rahbariyati tomonidan 1-darajali “Benuqson xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan  taqdirlanishi uning ko‘p yillik sidqidildan qilgan halol va samarali mehnatlarining munosib eʼtirofidir.

Ko‘p yillik benuqson xizmatlari  tufayli orttirgan boy tajribasini ommalashtirish va yosh avlodga yetkazish maqsadida tinib-tinchimas Q.Jumaniyozov shu kunlarda ichki ishlar organlarida maxsus texnikalarni qo‘llash mavzusida ilmiy ish olib borish  borasida izlanmoqda. Qahramonimizning ko‘p yillik mashaqqatli va sharafli xizmat yo‘liga nazar tashlar ekanmiz, tajriba o‘z-o‘zidan kelmasligi, uni inson yillar davomida o‘qib o‘rganishi, qiyinchiliklarni sabr-toqat bilan yengib o‘tishiga to‘g‘ri kelishiga guvoh bo‘lamiz. Ichki ishlar organlarida esa shunday irodali va matonatlilar xizmat qilishadi.


Barcha yangiliklar

Text to speech