O‘zbekiston respublikasi IIV tizimlarida xizmat olib borayotgan xodimlarning ma’naviy-ma’rifiy ongini yuksaltirish, kasbiy, jismoniy tayyorgarligini muntazam ravishda oshirib borishga alohida e’tibor qaratilgan. Ma’nan barkamol, intellektual salohiyatli insonlar vatani, xalqiga sidqidildan xizmat qilishga ongli ravishda yondashadilar. Ichki ishlar organlari, xususan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida xodimlarning ma’naviy-ma’rifiy dunyoqarashini boyitish, intellektual salohiyatini oshirishga katta e’tibor beriladi. Bosh boshqarma uning tarkibiy tuzilmalari, hududiy bo‘linmalari xodimlari o‘rtasida turli aqliy-tafakkur o‘yinlari va musobaqalarning o‘tkazib turilishi bunga yaqqol dalil. Poytaxtning Olmazor tumanida joylashgan “Zakovat arenasi”da shunday bellashuvlarning navbatdagisi bo‘lib o‘tdi. Unda Bosh boshqarma apparati, tarkibiy tuzilmalari va hududiy bo‘linmalari shaxsiy tarkibidan tuzilgan: har bir jamoa olti nafardan xodimni jamlagan, jami 102 nafar xodimdan iborat 17 ta jamoa aqliy kuch sinash maydonida o‘z bilim va tafakkurlarini namoyish etdilar. O‘rtaga tashlangan savollarga ajratilgan vaqtda to‘g‘ri va aniq javob bergan jamoalar g‘alaba sari imkoniyatlarini oshirib borishdi. Natijada bahs yakuniga ko‘ra 1-o‘rinni Bosh boshqarma apparati jamoasi; 2-o‘rinni Patrul-post xizmati brigadasi; 3-o‘rinni Olmazor tumani IIO FMB bilimdonlari egalladi. G‘olib va sovrindor jamoalarga tegishli diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi. Bunday aql va tafakkur bellashuvlari shaxsiy tarkib o‘rtasida bilimga rag‘bat uyg‘otib, hamkorlik va o‘zaro hurmat rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga aminmiz.