26 Avgust 2025 Yil 488

Yurtim ravnaqiga hissa qo‘shsam deyman

Poytaxt Mirobod tumani IIO FMB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi inspektori, katta serjant Baxtjon Satibaldiyev doimiy, vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish, ro‘yxatdan o‘chirish masalalari bilan bo‘limga kelgan fuqarolar bilan xushmuomala. Kimgadir ro‘yxatdan o‘chirish uchun, kimgadir ro‘yxatga qo‘shish uchun zarur bo‘lgan hujjatlar to‘plamini tushuntiradi. Har bir murojaatni imkon qadar sansalorchiliksiz ijobiy hal qilishga intiladi. Baxtjon o‘smirlik davridan organ xodimi bo‘lishni niyat qilgan va har tomonlama bunga tayyorgarlik ko‘rgandi. Axborot-texnologiyalari kollejini bitirgan Baxtjon Respublika Qurolli Kuchlarida yigitlik burchini o‘tab qaytdi-Yu, O‘zbekiston respublikasi iiv Serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kurslariga hujjatlarini topshirdi. 2013 yildan Toshkent shahar IIBB PPXB 5-batalyoni 3-otryad guruh komandirligidan ilk faoliyatini boshladi. Qo‘l ostidagi xodimlar ishini to‘g‘ri muvofiqlashtirib, tuman ko‘chalari, aholi gavjum guzarlar va jamoat joylarida jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish ishlarini uyushqoqlik bilan ta’minlab keldi. Huquqni muhofaza qilish organlari, sohaviy xizmat xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlarda giyohvandlik moddalari tarqatuvchi, jinoyat sodir etib qidiruvda bo‘lgan o‘nlab shaxslarni aniqlash va ushlashda faol ishtirok etdi. O‘z xizmat vazifalariga sidqidildan yondashgan jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikka barham berish, huquqbuzarliklarning oldini olishdagi xizmatlari uchun tuman hokimligi tomonidan minnatdorlik bildirilgani bu xizmatlarining e’tirofidir. Katta serjant Baxtjon Satibaldev 2019 yildan boshlab yuqorida qayd etilgan lavozimda sidqidildan xizmat qilib kelmoqda. Lavhamiz qahramoni yurtimiz istiqlolining tengdoshi. Mustaqilligimiz bilan birga o‘sib ulg‘aymoqda. Bu haqda o‘zi shunday deydi:

– Erkin, hur yashash har bir insonning orzusi. Har bir inson o‘z yurtini ozod, boy va farovon ko‘rishni istaydi. Buning uchun Vatanimizda hamma narsa muhayyo. Tabiiy boyliklarimizdan tortib, mehnatkash va ochiqko‘ngil, mehmondo‘st va tinchlikparvar xalqimizgacha. Men ham bu ishga halol va fidoyi xizmatlarim bilan o‘z hissamni qo‘shishdan baxtiyorman.

Barcha yangiliklar

Text to speech