2 Iyun 2024 Yil 2864

Rasmiy axborot

Joriy yilning 1 iyun kuni soat 12.00 da Toshkent shahridagi «Ashxobod» ko‘ngil ochar bog‘ida tekinga 20 000 ta o‘yinchoq va muzqaymoq tarqatilishi haqida bog‘ ma'muriyati tomonidan ijtimoiy tarmoqda reklama chiqarilgan. Biroq, bir vaqtning o‘zida o‘yinchoq oluvchi va kuzatuvchilar bilan taxminan 40 000 nafar fuqarolarni bog‘ hududida jamlashning imkoni bo‘lmasligi, yo‘l harakati va fuqarolar xavfsizligini ta'minlash talablarga javob bermasligi sababli bu tadbirni o‘tkazmaslik haqida bog‘ rahbariyati ogohlantirilgan. 

     Lekin bog‘ ma'muriyati ommaviy tadbirlarni o‘tkazish talablariga rioya etmasdan, tekinga o‘yinchoqlar tarqatilishi haqidagi reklamani ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatib, bog‘ hududida va uning atrofida  aholini ommaviy ravishda to‘planishiga sababchi bo‘lgan va bu harakati orqali fuqarolarga xavf tug‘dirgan.

     Natijada bog‘ hududidiga kirish/chiqish va ayrim ichki yo‘nalishlarida tiqilinch vaziyat hamda boqqa olib keluvchi va yaqin avtomobil' yo‘nalishlarida tirbandliklar yuzaga keldi.

    Huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning sa'y harakati bilan bu tirbandliklar bartaraf etilib, fuqarolar tinch tarqatilgan.

     Mazkur holat yuzasidan Yashnobod tumani IIO FMB tomonidan bog‘ direktori 1981 yilda tug‘ilgan A.N., direktor o‘rinbosari 1987 yilda tug‘ilgan A.Z., reklama bo‘limi boshlig‘i 1994 yilda tug‘ilgan D.T.larga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 185 prim.3, 200 prim.1, 201-moddalariga asosan ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tumani sudi tomonidan ushbu fuqarolarga 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan.

     Hurmatli tadbirkorlar va fuqarolar! O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 29 iyuldagi 205-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish to‘g‘risidagi Qarori talablari asosida ommaviy tadbirni o‘tkazishga ruxsat olish uchun bir oy oldin murojaat qilish lozim. Ruxsat berilmagan ommaviy  tadbirni o‘tkazish qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Barcha yangiliklar

Text to speech