Ijtimoiy tarmoqlarda Shayxontohur tumanida 2 nafar haydovchi o‘rtasidagi ziddiyat aks etgan video tarqalgan. Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.
Joriy yilning 19 avgust kuni Shayxontohur tumani, Beruniy ko‘chasida, 1976 yilda tug‘ilgan “BMW” rusumli avtomashina haydovchisi M.D. hamda “Spark” rusumli avtomashina haydovchisi T.I. sodir bo‘lgan yo‘l transport hodisasi oqibatida o‘zaro janjallashganligi aniqlangan. Haydovchilar transport vositasidan tushib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan yo‘lning qatnov qismida jamoat tartibini buzib o‘zaro urishishgan. Hodisa natijasida tan jarohati olganlar yo‘q.
Holat yuzasidan ishtirokchilariga nisbatan Shayxontohur tumani IIO FMB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (“Mayda bezorilik”) va 194-moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) alomatlari bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. To‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan.
Hurmatli haydovchilar, yo‘llarda harakatlanayotganda jamiyatda yurish-turish qoidalariga va yo‘l madaniyatiga rioya qilishingizni so‘rab qolamiz.