16 Yanvar 2024 Yil 4885

Rasmiy maʼlumot

Ijtimoiy tarmoqlarda tanasini transport vositasidan chiqarib harakatlangan va xavfli manyovrni amalga oshirgan shaxslarning videosi tarqalib turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Mazkur video Toshkent shahar IIBB tomonidan o‘rganilib, quyidagilar aniqlandi.

Joriy yilning 16 yanvarga o‘tar kechasi taxminan soat 03.30 larda Olmazor tumani Yangi Olmazor ko‘chasida 2005 yilda tug‘ilgan Sh.S. (haydovchilik guvohnomasi mavjud emas) davlat raqami 01K 805 MS bo‘lgan ijaraga olingan Monza rusumli avtomobilda davlat raqamini yechib harakatlangan. Harakatlanish jarayonida transport vositasida tanishlari 2006 yilda tug‘ilgan M.A., 2006 yilda tug‘ilgan M.L., 2009 yilda tug‘ilgan I.A.lar ham bo‘lgan va yo‘l harakati qoidalarini buzgan. Transport vositasini boshqargan Sh.S. yo‘lovchilar M.L. va I.A.lar tanasini transport vositasidan chiqarib harakatlanishiga yo‘l qo‘ygan va ularning hayotini xavf ostiga solgan.   

Mazkur holat yuzasidan voyaga yetmaganlarning ota-onasiga O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga (“Bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik”) asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Transport vositasi jarima maydoniga qo‘yildi.

Shuningdek, transport vositasini boshqarish jarayonida yo‘l harakati qoidalari buzilganligi holati yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.   

Hurmatli ota-onalar, farzandlaringiz qayerda yurganligi va nimalar bilan band ekanligidan doimo xabardor bo‘ling. Unutmang, ularning tarbiyasi va xulq-atvori uchun masʼulsiz!

Barcha yangiliklar

Text to speech