Ijtimoiy tarmoqlarda IIO xodimlari va fuqarolar o‘rtasida mojaro aks etgan video tarqalib turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Joriy yilning 16 avgust kuni taxminan soat 21.40 larda Olmazor tumani Qora qamish 1/3 dahasida tungi xizmatga jalb qilingan profilaktika inspektori Sh.Qurbonov va patrul-post xizmati inspektori A.Mamadaliyevlar xizmat olib borayotgan vaqtida shubhali shaxslarni ko‘rishgan. Uch nafar fuqaro yo‘l chetida to‘xtab turgan Malibu rusumli avtomashina oynasining qoraytirilgan plyonkasini shilayotgan bo‘lganligi sababli IIO xodimlari ulardan avtomashinaning egasi kimligini surishtirib, hujjatlarni taqdim etishni so‘rashgan. Biroq 2005 yilda tug‘ilgan U.M. ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, avtomashina eshigini qulflab, hech qanday hujjatlarni taqdim etmay, ularga faol qarshilik ko‘rsatib, voqea joyidan qochishga harakat qilgan. IIO xodimlari tomonidan U.M. qo‘lga olingandan so‘ng avtomashinaning salon qismiga o‘tqizilgan va tuman IIO FMBga olib borilgan.
Tekshiruv jarayonida avtomashina U.M. ning akasi R.M.ga tegishli ekanligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani IIO FMB tomonidan U.M.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 194-modda (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) va 195-moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish”) alomatlari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. To‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudiga yuborilgan.