11 Fevral 2026 Yil 545

Poytaxt IIBBda rahbar va yoshlar uchrashuvi

Yosh xodimlarni vatanparvarlik, ajdodlar merosi, qadriyatlarimizga hurmat, kasbiga, burchiga sadoqat ruhida tarbiyalash mas’uliyatli hamda sharafli ish. Ichki ishlar organlari xizmatiga ilk qadam qo‘ygan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, to‘g‘ri yo‘llanma berish orqali kasbga yo‘naltirilishi xizmat samaradorligini ta’minlash, ish faoliyatida yuqori natijalar ko‘rsatishida muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadlarda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi apparati, hududiy tuzilmalari sohaviy xizmatlarida xizmat olib borayotgan yosh xodimlar, ularning ota-onalari ishtirokida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” tadbiri tashkillashtirildi. Tadbirda Bosh boshqarma boshlig‘i, polkovnik Ravshan Sultanxodjayev hamda uning maslahatchisi, iste’fodagi polkovnik Murod Karimov ishtirok etdi.

Yig‘ilganlar oldida so‘zga chiqqan Ravshan Sultanxodjayev yoshlar masalalari davlat siyosati darajasida ekanligi, mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, o‘z iste’dodi va imkoniyatlari, salohiyati, hayotiy quvvatlarini namoyon etishlari uchun berilayotgan imtiyozlarga to‘xtaldi. Shuningdek, yurtimizda tinchlik-osoyishtalikni saqlash, jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olishdek sharafli va mas’uliyatli ishga bel bog‘lagan yoshlar uchun ichki ishlar organlarida amalga oshirilayotgan ijobiy ishlar ta’kidlab o‘tildi. Yoshlardan kasbiga sadoqat, fuqarolar bilan xushmuomalalik, xizmat vazifalarini sidqidildan bajarish, ichki ishlar organlari xodimi degan sharafli nomga dog‘ tushirmaslik talab etilishi qayd etildi. Shu bilan birga poytaxt ichki ishlar organlari safida xizmat vazifalarini bajarish qatorida professional sport bilan shug‘ullanib yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgan, ilm-fan rivojiga katta hissa qo‘shayotgan, san’at sohasida nufuzli mukofotlarni qo‘lga kiritib kelayotgan yoshlar nomlari qayd etilib bir guruh yoshlarga tashakkurnoma, faxriy yorliqlar hamda pul mukofotlari, sidqidildan mehnat qilib tengdoshlariga namuna bo‘layotgan bir guruh yoshlarning ota-onalariga tashakkurnomalar topshirildi. Ochiq muloqot ruhida o‘tkazilgan tadbirda polkovnik Ravshan Sultanxodjayev yig‘ilish ishtirokchilari bilan samimiy suhbatlashib, ularning muammolari, xizmat faoliyati hamda ijtimoiy mavzulardagi muammolariga qiziqdi. Xizmat faoliyatini yanada yaxshilash, Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar ijrosiga yangicha yondashuv hamda xizmat samaradorligini oshirish bo‘yicha ishtirokchilarning fikr-mulohazalarini tingladi hamda ularning turli mavzulardagi savollariga javoblar berdi.

Tadbir xizmat bilan birga san’at yo‘nalishida ham faoliyat olib borayotgan bir guruh iste’dodli yoshlarning kuy-qo‘shiqlari bilan davom ettirildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech