5 Avgust 2025 Yil 1218

Oylik doirasida: “Tig‘” tadbiri

Poytaxtimiz hududida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, jinoyat va huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash orqali oldini olish borasida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi doirasida IIBB va hududiy tizimlari tomonidan qator ishlar amalga oshirilmoqda. Oylik tadbirlari doirasida o‘tkazilgan “Tig‘” maxsus profilaktik tadbirlarining 21 kunlik sarhisobi bu boradagi ishlarning natijakorligidan darak berayotir. Xususan, poytaxt ko‘chalari va jamoat joylarida o‘tkir tig‘li ashyolarni noqonuniy ravishda olib yurgan 1631 nafar shaxs aniqlandi. Ulardan 1715 dona ashyolar o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olindi. Aniqlangan ashyolardan 1614 tasi pichoq, 17 tasi kastet, 19 tasi bita, 7 tasi pnevmatik qurol, 2 tasi elektroshoker bo‘lsa, qolgan 56 tasi turli ko‘rinishdagi tig‘li jismlarni tashkil etdi. Fuqarolardan aniqlanib, tegishli tartibda olib qo‘yilgan ashyolarning turlaridan ko‘rinib turibdiki, ko‘plab sodir bo‘lishi ehtimoli bo‘lgan jinoyatlar, huquqbuzarliklarning oldi olingani shubhasiz.

Shu o‘rinda fuqarolarimizga eslatib o‘tamiz: qonunga xilof ravishda sovuq qurol yoki sovuq qurol sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan ashyolarni olib yurish bazaviy hisoblash miqdorining 1 dan 5 baravarigacha jarima solinishiga, shuningdek, boshqa qonuniy ta’sir choralari qo‘llanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Tezkor profilaktik tadbirlar Toshkent shahri bo‘ylab davom ettirilmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech