13 Yanvar 2026 Yil 3128

O‘z o‘rnida va ishonchli o‘tkazilgan suhbatlar – samarasiz ketmaydi

Toshkent shahar Mirobod tumani IIO FMB da safdorlikdan xizmatni boshlagan Miraziz Urazbayev ustozi – kadrlar bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Mahmud Veliyevni hurmat bilan tilga oladi. Holbuki, Qurolli Kuchlar saflaridan yigitlik burchini o‘tab qaytgan yosh yigit ichki ishlar organlari xizmatini o‘zicha jo‘n va oson tasavvur qilardi. Ichki ishlar organlarining har bir xodimi, sohasidan qat’iy nazar kasb mahorati, jismoniy va jangovar tayyorgarligi qatorida huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy bilimlari, dunyoqarashi, madaniyatini muntazam ravishda oshirib borishi lozimligini o‘sha vaqtlarda anglamagandi. Bularning hammasini: o‘rganganlaridan qoniqib, to‘xtab qolmaslik, hamisha o‘sish va izlanishda bo‘lish kabilarga ustozi o‘rgatdi. Hali-hanuz nafaqat xizmat balki hayot yo‘lini to‘g‘ri tanlashda bergan maslahat va yo‘l-yo‘riqlari, otalarcha hamxo‘rligi uchun ustozidan chuqur minnatdorligini yashirmaydi. Zotan, ustozining maslahat va nasihatlariga amal qilib, o‘ziga yarasha qiyinchiliklarga qaramay oliygohda o‘qishni davom ettirib, oliy ma’lumotli bo‘lganligi, xizmat pog‘onalaridan zinama-zina ko‘tarilayotgani – bularning hammasiga ustozining dono maslahatlari ortidan erishayotganini ta’kidlaydi. Shuningdek, poytaxt IIBB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi inspektori, podpolkovnik Ilhom Yaxshiyevni ham o‘ziga ustoz deb biladi.

Miraziz hamisha bilimli va o‘z sohasining bilimdoni bo‘lganlarga havas bilan qarab kelgan. Shu bois o‘zi haqida gapirishdan ko‘ra xizmat sir-asrorlarini mukammal o‘zlashtirgan, chuqur bilimli xodimlar haqida gapirishni afzal biladi. Yashnobod tumani IIO FMB Probatsiya bo‘limi boshlig‘i, podpolkovnik Erpo‘lat Muldadashev, Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB Probatsiya bo‘limi boshlig‘i, mayor Sherzod Qurbonovlarni o‘z sohasining malakali mutaxassislari sifatida tilga oladi. Bosh boshqarma Probatsiya boshqarmasi katta inspektori, leytenant Miraziz Urazbayev jinoiy qilmishlari uchun sud tomonidan jazoga tortilgan, jazo muddatlarini o‘tab kelayotganlarni to‘g‘ri hayot yo‘lini tanlashi, jamiyatga moslashuvi, takroriy jinoyatlarga qo‘l urmasligi borasidagi ishlar nazoratini tashkil etish, halol mehnatga rag‘bati bo‘lgan fuqarolar uchun yengilliklar berilishi ishlariga katta mas’uliyat bilan yondashadi. Bu ishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik uchun tajribali xodimlardan so‘rab o‘rganishni kanda qilmaydi. Probatsiya hisobida turuvchi shaxslarni normal hayotga qaytarish borasida profilaktik, yakka tartibdagi tushuntirish ishlarini olib borish katta ahamiyat kasb etishiga ishonadi. Faqat bu suhbatlar o‘zaro ishonch, samimiylik hamda o‘z o‘rnida bo‘lishi lozim, deb ta’kidlaydi bugungi qahramonimiz.

Barcha yangiliklar

Text to speech