16 Yanvar 2025 Yil 185

O‘quv ham uquv ham kerak

O‘qimagan odamdan ko‘p yutuqlarni talab qilib bo‘lmaydi. Goho ularning ayrim xatolarini shu so‘z bilan kechirib ham yuborish mumkin. Chunki, xalqimiz azaldan bilimli, ziyoli, oddiy tilda aytar bo‘lsak, hatto oliy ma'lumotli bo‘lmasa-da, ko‘p kitob o‘qiganlarni juda hurmat qilishgan. Yosh bo‘lsa-da, ularning gaplariga quloq osishgan. Otabek oliy ma'lumotli. O‘qimaganlarning unga havasi keladi. Oq-qorani tanigan, chinni yolg‘ondan ajrata biladi, deb o‘ylashadi. Biroq odamning olasi ichida, deganlaridek, uning o‘zi yolg‘onni chindek gapirsa, qoyil qolmay iloj yo‘q. 2021 yilning noyabr' oyining boshlarida u Chilonzor tumanida joylashgan go‘zallik saloni oldida avvaldan tanish bo‘lgan S.Irodani uchratib qoldi. Gap gapga ulanib, Irodaning o‘ziga to‘q ekanligi, uncha-muncha pulni pul demasligini ilg‘agan Otabek, albatta qaytarishini aytib, qarzga 2 000 AQSh dollari so‘radi. Aslida ilgarilari erkak kishining ayol kishidan qarz so‘rashi uyatli edi, bugungi kunda esa bu odatiy holdek qabul qilinadi, afsuski. Avvaldan o‘zini prokuratura xodimi deb tanishtirgan Otabekka ishongan Iroda o‘z o‘rnida yo‘l yoqasida turgan “Nissan Tiida” avtomashinasini ko‘rsatar ekan, harchand urinmasin uni sota olmayotgani, shu savilni sotishga yordam berishini so‘radi. 23 noyabrda tanishi Olimning avtomashina sotib olmoqchi ekanligidan xabar topgan Otabek, unga 15 000 AQSh dollariga Irodaning avtomashinasini xarid qilishini taklif etdi. Oldindan to‘lov sifatida 1 000 AQSh dollari oldi.

– Biridan 2 000, ikkinchisidan 1 000 AQSh dollarini olgan Otabek shu ketgancha suvga tushgan toshdek dom-daraksiz ketdi, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Shohzodbek Davirboev. – Bu yog‘i umumiy ssenariy bo‘yicha davom etadi. Telefon o‘chiriladi, qo‘ng‘iroqlar javobsiz qoladi, yashash joyidan topilmaydi. Oxir-oqibat jabrdiydalar ichki ishlar organlariga murojaat qilishadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi ochiq sud majlisida M.Otabekning qilmishini ko‘rib chiqdi va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybli deb topdi. Jazo tayinlashda uning aybiga to‘liq iqrorligi, pushaymonligi, yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganligi, qaramog‘ida uch nafar voyaga yetmagan farzandlari borligi, muqaddam sudlanmaganligi, jabrlanuvchining da'vosi yo‘qligi kabi jazoni yengillashtiruvchi holatlar inobatga olindi. Sud tomonidan M.Otabek oylik ish haqining 20 foizini davlat foydasiga ushlab qolgan holda, 2 yil 18 kun muddatga axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi.

Barcha yangiliklar

Text to speech