8 Oktyabr 2024 Yil 292

Olgan ham bergan ham aybdor

Sochlariga oq oralagan, yoshi ellikdan oshib oltmishga qarab ketayotgan bu yoshga hayotining qolgan qismini yaxshilik va xayrli ishlarga bag‘ishlab, chiroyli yashashni niyat qilish yarashadi. Lekin aql yoshdamas, boshda deganlari chin haqiqat ekan. Abdullo 2023 yilning 3 mart kuni ilgaridan tanish bo‘lgan Alijon bilan telefon orqali bog‘lanib, falon oshxonada uchrashishga taklif etadi. Uchrashganda bankdan juda katta miqdorda kredit olayotganini, garovga qo‘yish uchun pul kerakligini aytadi. Agar Alijon bir oy muddatga 10.000 AQSH dollarini qarzga berib tursa, bankdan pul olgani hamon krediti hisobidan 2 milliardini unga moliyaviy yordam sifatida berishini aytib ishontiradi. Bergan puli yoniga yana shuncha miqdordagi pul o‘z-o‘zidan, osongina oqib kelishini  ko‘z oldiga keltirgan Alijon bu taklifga “yo‘q” deya olmaydi. Uch kun o‘tib ular yana qahvaxonada uchrashishadi va qahvaxonaning alohida bo‘lmasiga o‘tib, pul oldi-berdisini amalga oshiradilar. Abdullo o‘z pasportining nusxasiga 10.000 AQSH dollarini olganligi haqida tilxat yozib beradi. Har ikkisi qayta-qayta qo‘l siqishib, mamnun holda xayrlashishadi. Afsuski, bu xursandchilik ayniqsa Alijon uchun asabbuzarlik, nadomat va qon bosimining ko‘tarilishi bilan  qimmatga tushdi. Vaholanki, qarzdor bir necha oylar o‘tsa hamki vaʼda bergan pullarni bermay, ustiga-ustak surbetlarcha “bir tiyinim ham yo‘q, nima qilsang qil!" degani ortiqcha bo‘ldi. Alijon Chilonzor tumani ichki ishlar organlariga murojaat qilishdan boshqa chora topmadi.

– Abdullo ilgari ham firibgarlik jinoyati uchun sudlangan edi. Afsuski, bu unga saboq bo‘lmadi, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant Shaxzodbek Davirboyev. – Tanishini shuncha pulga tushiradiyu, bu qilmishim javobsiz qoladi, deb o‘ylaganini tushinish qiyin, albatta. Aslida sudxo‘rlik katta gunoh sanaladi. Alijon esa katta pulning ovozini eshitganda har qanday gunoh haqida unutgani afsuslanarli hol. Ushbu jinoyat sodir etilishiga o‘zi ham xissa qo‘shgan desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

 Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi 1967 yilda tug‘ilgan, uch nafar farzandning otasi, muqaddam sudlangan Abdulloning qilmishini ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybdor deb topdi. Uning pushaymonligi, oilaning yagona boquvchisi ekanligi, jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligini inobatga olib, ish haqining 15 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yilu 6 oyga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi.


Barcha yangiliklar

Text to speech