2012 yilda respublika IIV Akademiyasining Serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kurslarini bitirgan Regina Safinova Toshkent viloyatida joylashgan jazoni ijro etish ayollar koloniyasida katta inspektor lavozimida ish boshladi. O‘n yilga yaqin xizmati davomida jinoyatlar sodir etib, qonuniy jazo muddatlarini o‘tab kelayotgan turli yoshdagi ayollarning taqdirlari bilan tanishdi. Hech kim jinoyatchi bo‘lib tug‘ilmasligi, oiladagi tarbiya, muhit, ota-onalarning o‘zaro munosabatlari insonning xulq-atvori, kelajagi, ongu shuuri shakllanishida katta ahamiyatga egaligini angladi. O‘z vazifalarini sidqidildan bajarish qatorida mahkumlarni to‘g‘ri hayotga qaytarish, qayta jinoyatga qo‘l urmaslik, oila, yaqinlari bag‘rida erkin va baxtli yashash, oila va jamiyatdagi o‘rnini anglash borasida profilaktik-tushuntirish ishlarini olib bordi. Ko‘plab ayol-qizlarni to‘g‘ri yo‘l tanlashi, baxtli kelajagini qurishiga erishdi. Uning fidoyi xizmatlari rahbariyat tomonidan minnatdorlik, tashakkurnoma hamda pul mukofotlari bilan munosib rag‘batlantirib borildi.
Lavhamiz qahramoni 2021 yildan buyon poytaxt IIBB YHXB Axborot xizmati kichik mutaxassisi lavozimida katta serjant unvonida xizmat faoliyatini davom ettirib kelmoqda. Poytaxt ko‘chalarida harakat xavfsizligini taʼminlash, yo‘l-transporti hodisalarining oldini olish, haydovchilarni belgilangan tartib-intizomga qatʼiy rioya qilishga chaqirish, yo‘llar holati bo‘yicha ogohlantirishlarni yo‘l harakati ishtirokchilariga yetkazish, ayniqsa bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish borasida maktab, bilim yurtlarida targ‘ibot-tashviqot ishlarini tizimli ravishda olib borishda katta hissasini taʼkidlash joiz.
O‘z vazifalariga sidqidildan yondashib, hamkasblariga o‘rnak bo‘layotgan katta serjant Regina Safinova 8 mart –Xalqaro xotin qizlar kuni munosabati bilan IIVning Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlandi. Bu eʼtirof lavhamiz qahramonini yana-da shijoat bilan ishlash, tashabbuskorlikni qo‘ldan bermaslik, hamkasblariga o‘rnak bo‘lishga xizmat qiladi, albatta.