Muqaddas Tojiyeva Toshkent shahar IIBB Tibbiyot bo‘limi poliklinikasida Borovskiy nomidagi tibbiyot bilim yurtini tugatgandan so‘ng, umumiy amaliyot shifokorining hamshirasi lavozimida ish boshlaganiga 31 yil bo‘ldi. 10 yildan buyon poliklinika bosh hamshirasi sifatida mehnat qilib kelmoqda.
Dastlab ustozi Lidiya Gesko tibbiyot sohasida bilmaganlarini o‘rgatib, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdi. Keyinchalik ancha tajriba to‘plagan hamshirani funksional diagnostika bo‘limiga o‘tkazishdi. Bu yerda u shifokor Raisa Zaynullina bilan birga 15 yil mobaynida bemorlarni elektrokardiogramma qilish bilan shug‘ullandi. 2014-yildan esa qahramonimiz IIBB Tibbiyot bo‘limi poliklinikasi bosh hamshirasi lavozimida sidqidildan mehnat qilib, bir necha shogirdlarga o‘zi ham ustozilik qilib kelmoqda.
Uning oilada ham baxti kulgan. Turmush o‘rtog‘i – ichki ishlar organlarida 28 yil faoliyat yuritgan iste’fodagi podpolkovnik Shuhrat Tojiyev bilan birga 3 nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazishdi, bir nafar nabirasi ham bor. Qizi Dilnoza notarial idora xodimi, o‘g‘li Shahboz futbol jamoasida murabbiy, Sardor esa axborot texnologiyalari sohasida tahsil olmoqda.
– Shifo istab kelayotgan har bir bemorga, avvalo, yaxshi kayfiyat bag‘ishlashga, u bilan suhbat qurib, muammolarini unuttirishga harakat qilaman, – deydi M.Tojiyeva. – Pensiyaga chiqib ketgan xodimlar sog‘lig‘ini tiklash uchun kelib qolishsa, xuddi eski qadrdonlardek, mendan hol-ahvol so‘rashadi. Ularning iliq munosabati va minnatdorligidan barcha charchoqlarim unut bo‘ladi, shunday onlarda o‘z kasbimdan faxrlanib ketaman.
Bosh boshqarma tibbiyot bo‘limi poliklinikasiga bir kunda qanchadan-qancha bemor kelib-ketadi va shifo topadi. Osoyishtaligimiz posbonlarining salomatligi esa el-u yurt xotirjamligining garovidir. Mana shunday sharafli va mashaqqatli yumushga bel bog‘lab xizmat qilayotgan, xoh u ichki ishlar organlari xodimi, xoh boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakili bo‘lsin, har biriga ochiq chehra bilan munosabatda bo‘layotgan oq libos egalarining orasida Muqaddas Tojiyeva ham bor. Bu uning uchun sharaf va g‘urur bag‘ishlaydi.