29 Sentyabr 2025 Yil 464

Ko‘pchilikning bahosi – haq baho

Poytaxtimizning Yakkasaroy tumani turli millat vakillaridan iborat aholisi zich joylashgan tumanlardan biri. Tumanda 21 ta mahalla mavjud. Shohjahon mahallasi shulardan biri. Ushbu mahallada to‘rt mingga yaqin aholi tinch-totuv istiqomat qilib keladi. Ana shu tinchlik-totuvlik, birdamlik bois, mahalla “yashil” toifada. Hududda katta bozor, bitta oliygoh, Kamoliddin Behzod nomidagi institutning filiali, akademik litsey, umumta’lim maktabi, maktabgacha bolalar muassasasi, ko‘plab savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish nuqtalari joylashgan. Mazkur maskanlarda jinoyatchilik, huquqbuzarliklarning oldini olish, mahalla xavfsizligini ta’minlash qatorida obodonlashtirish, mahalla ahli birdamligi va osoyishtaligini ta’minlash 4-sonli IIB xodimlari zimmasida. Lavhamiz qahramoni - IIB Huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi katta inspektori, katta leytenant Sirojiddin Shoyqulov mazkur bilim yurti va maskanlarda, aholi o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurash, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida profilaktik tushuntirish ishlarini muntazam ravishda tashkillashtirib kelmoqda. Shuningdek, bugungi kunda dolzarb bo‘lgan giyohvandlikka, kibermakonda sodir bo‘layotgan kiberfiribgarlik va kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, talaba va o‘quvchilar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish tadbirlariga bosh-qosh. Katta leytenant S.Shoyqulov haqida mahalla fuqarolari faqat iliq va ijobiy fikrlar bildirib, uning xushmuomalaligi, har bir fuqaro murojaatlariga tezkor e’tibori, masalalar yechimini kechiktirmay hal etishini ta’kidlab, o‘z minnatdorliklarini izhor etishidir. Uning o‘z kasbiga fidoyiligi, jonkuyarligi, sidqidildan xizmatlari tumanning Abdulla Qodiriy mahallasida yuritgan faoliyati davomida poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Yakkasaroy tumani IIO FMB rahbariyati tomonidan faxriy yorliqlar, tashakkurnomalar bilan e’tirof etilgani ham shundan.

– Bozorda bir sotuvchining daydi itga shafqatsiz munosabati meni larzaga soldi, – deydi mahalla faollaridan biri Yana Bochkareva. – Himoyasiz, beozor hayvonga bunday munosabat haqida inspektorimizga murojaat qildim. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay Sirojiddin hayvonlarga rahmsiz xatti-harakatlar sodir etgan fuqaroni topib, ma’muriy chora ko‘rdi.

– Bu kabi jonivorlarga beshafqat munosabatlar haqidagi murojaatlar Sirojiddin Shoyqulovning faoliyatida birinchisi emas, – deydi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Baxtiyor Siddikov. – E’tiborga molikligi bunday murojaatlarning hech qaysi biri S. Shoyqulov tomonidan e’tiborsiz qoldirilmagani. Qarovsiz itlarni esa maxsus qabulxonalarga joylashtirib ularning himoyasini ta’minlashi ham uning odamiyligi, jonivorlar hayotiga befarq emasligidan dalolatdir.

Yuqorida keltirilgan misollar profilaktika katta inspektori, katta leytenant Sirojiddin Shoyqulovning faoliyatida huquqbuzarliklarning katta-kichigi, mayda-chuydaligi bo‘lmasligidan darak beradi. Hammaga birdek xolisona munosabat qilgan, o‘z xizmat vazifalariga sidqidildan yondashgan, el xizmatiga jonkuyar, jonivorlarning ham haq-huquqini himoya qila olgan inson haqiqiy inson, deb hisoblashadi mahalla ahli. Bu bahoda jon bor, albatta.

Barcha yangiliklar

Text to speech