15 Aprel 2025 Yil 341

Ko‘ngil nimalar istamaydi...

Mehnatga bo‘yni yor bermagan Xojiakbar ilgari sodir etgan jinoyatlari uchun bir necha marotaba sudlanganligiga qaramay, to‘g‘ri xulosa chiqarmadi. Ikkinchi marotaba qamalganida turmush o‘rtog‘i farzandining taqdirini o‘ylab, otasining “kasri urmasin”, deb bir nafar farzandini oldi-da ajrashib ketdi. “Undan undirgan alimentim ham harom luqma, shu ketishi bo‘lsa, erta kun kelib qizidan aliment undirishdan ham toymaydi” deya alimentga ham bermadi, farzandini ham ko‘rsatmadi. Xojiakbar bundan qayg‘urmadiyam. Aksincha, “ortiqcha” tashvish va chiqimdan qutulganiga xursand bo‘ldi. Shu-shu so‘qqabosh, topsa yeydi, topmasa - uyidagi bor bisotini sotadi. 2023 yilning bahori. Uyi ship-shiydon. Qani bekorchilikda yotib televizor tomosha qilsa... Dunyoda bo‘layotgan voqealardan xabardor bo‘lsa... U 2023 yilning 11 mart kuni Uchtepa tumanida joylashgan “Farhod” bozorida aylanib yurib, maishiy texnikalar bilan savdo qiluvchi do‘konga kirdi. Oldindan tanish bo‘lgan R.Umidani suhbatga tortib, 2.200.000 so‘mlik “Hisense” televizorini bir oy muddat ichida pulini to‘lab berish sharti bilan olib ketdi. Aprel oyi o‘rtalarida tanishi O‘.Ulashga “Farhod” dehqon bozorining savdo chaqqon bo‘ladigan joyidan savdo o‘rni topib, shartnoma rasmiylashtirish orqali qonuniylashtirib berishni va’da qilib 500 AQSH dollari va 2.500.000 so‘m pulini oladi. Lekin na Umidaga va na Ulashga bergan va’dalarini bajaradi. Har ikki jabrlanuvchi molidan, pulidan ayrilganini anglagach, tuman ichki ishlar organlariga yozma murojaat qilishga majbur bo‘lishadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi ochiq sud majlisida 1979 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan, oilasi bilan ajrashgan I.Xojiakbarning qilmishlarini qonunan ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublika Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybdor deb topdi. Ayblanuvchining qilmishidan pushaymonligi, aybiga iqrorligi, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararning to‘liq qoplanganligi, jabrlanuvchilarning da’vosi yo‘qligini inobatga olib, ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 2 yilga axloq tuzatish ishlariga hukm qildi.
Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari Uchtepa tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan Yusuf Olimovning ish yurituvidan olindi.

Barcha yangiliklar

Text to speech