“Qo‘lingdan kelsa, tutib ol” (2002 yil) filmidagi yosh firibgar Frenk Ebegneylning ustalik bilan hujjatlarni qalbakilashtirish orqali hali maxfiy xizmat xodimi, hali uchuvchi, hali mashhur vrach, advokat yoki bank xodimi sifatida o‘zini tanishtirib ko‘plab shaxslarni, hatto maxsus xizmat xodimini ham chuv tushirgani haqidagi filmni tomosha qilmaganlar bo‘lmasa kerak. Film qahramonining qilmishlari jinoyat bo‘lishiga qaramay, ustasifarangligi eʼtiborni tortadi, albatta. O‘zimizning hamyurtimiz Abdulla ham undan qolishmas ekan. Film qahramoniga taqlid qilibmi, – har holda hujjatlarni asliday tayyorlash “qobiliyatini” tan olish kerak – yo‘q, jinoyatga moyilligi tufayli, ter to‘kmay boylik orttirish rejasini tuzdi. U qalbaki hujjatlar tayyorlab, 2024 yil yanvarda poytaxtimizdagi banklardan biridan O‘.Sunnatillaga tegishli Equinox avtomashinasini garovga qo‘yib 254.150.000.000 so‘m pulni yillik 35 foiz to‘lash sharti bilan 60 oy muddatga kredit rasmiylashtirdi. Avtomashina taqiqqa qo‘yilganiga qaramay, qalbaki hujjatlar – bank qarzdorligi uzilgani haqida nazorat bo‘limi nomidan xat tayyorlab bank rahbariyatiga go‘yo taqdim qilindi. Bu xat orqali esa QR kodli, bank chiqish raqami ko‘rsatilgan bankning maxsus blankasida qarzdorlik so‘ndirilgani hamda avtomashina taqiqdan yechilgani haqida soxta maʼlumot tayyorlandi. Bu esa notarial idora tomonidan avtomashinani o‘zga shaxsga sotib yuborish imkonini berdi. Afsuski, uning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi. Soxta, qalbaki hujjatlarning siri ochildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudi ochiq sud majlisida 2000 yilda tug‘ilgan M.Abdullaning jinoiy qilmishlarini ko‘rib chiqdi. Uning aybiga to‘liq iqrorligi, tergov harakatlarida hamkorligi, oilaviy shart-sharoitlarini hisobga olib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (“Firibgarlik”), 228-moddasi 2-qismi “a,b” bandlari (“Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish”), 233-moddasi 1-qismi (“Band solingan mulkni qonunga xilof ravishda tasarruf etish”) bilan aybli deb topdi va JKning 57-moddasini qo‘llab, ish haqining 15 foiz miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi.
Mazkur jinoyat ishi Yakkasaroy tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan A.Bafoyev ish yurituvidan olindi.