Durdona Abdurahimova ichki ishlar idoralari xodimi bo‘lishni orzu qilar, ammo tibbiyot sohasida faoliyat yuritayotgan onasi Dilfuza opaning umidlarini chippakka chiqarishni ham istamasdi. Shu bois six ham, kabob ham kuymasligi uchun tibbiyot kollejini tamomlab, Toshkent shahar IIBB tibbiyot bo‘limida ish boshladi. Yillar o‘tgani sari ichki ishlar organi xodimi bo‘lish istagi kuchaya bordi, u o‘z ustida ishlab, yangi yo‘nalishda – moliyaviy savodxonlik bo‘yicha o‘rta-maxsus bilimga ega bo‘ldi. Bugungi kunda safdor Durdona Abdurahimova poytaxt IIBB MvaMTTB hisob-kitob guruhi buxgalteri lavozimida sidqidildan xizmat qilib kelmoqda. Boshqarma bosh mutaxassisi, podpolkovnik Lazokat Bahodirova, xizmat o‘rinbosari, kapitan Farhod Sabitovlar yosh xodimning zimmasiga yuklatilgan vazifalarini bekamu ko‘st bajarishi, moslashuvi, zaruriy ko‘nikmalar hosil qilishi uchun vaqtlarini ayashmadi, foydali yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatib, ishini nazorat qilib borish bilan birga kamchiliklarni ko‘rsatib, amaliy yordam berishdi. Durdona ularni hurmat bilan tilga oladi. Ish jarayonida sohaga katta qiziqish bilan yondashgan qahramonimiz malaka hosil qilish uchun bilimlarini oshirish zarurligini angladi. U ikkilanmay kirish imtihonlariga katta tayyorgarlik ko‘rib Xalqaro moliya va texnologiyalar institutiga hujjatlarini topshirdi. Hozirda o‘z yo‘nalishi bo‘yicha oliygohning sirtqi bo‘limida tahsil olib kelmoqda. Shu bilan birga amaliy va nazariy bilimlarini oshirib, ularni xizmat faoliyatida samarali qo‘llamoqda.
Safdor Durdona mustaqilligimiz tengdoshi.
– Mustaqillik xalqimiz ongini o‘zgartirib yubordi. Fikrlash, dunyoqarashimizda ham jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Avvallari odamlar kuni o‘tganiga xursand bo‘lgan bo‘lsa, bugun turmushini yana-da farovon qilish, bilim olish, o‘z kasbining haqiqiy egasi bo‘lish maqsadida faqat oliygoh taʼlimi bilan kifoyalanibgina qolmay, boshqa manbalarni ham topib o‘rganishga intilishmoqda. Bularning barchasi Mustaqilligimiz tufayli, deb bilaman. Shu yo‘lda men ham oliygohda bilimlarimni oshirib, kelgusida yurtim uchun sidqidildan xizmatimni davom ettirish niyatidaman.