Raqamli texnologiyalarning kundalik hayotimizning barcha jabhalariga jadal sur’atda kirib kelishi taraqqiyotimiz va rivojlanishimizda muhim ahamiyatga ega. Shuning bilan birga uning keng imkoniyatlari, afzallik, ijobiy tomonlaridan nopok kimsalarning o‘z g‘arazli maqsadlari yo‘lida foydalanishlarini ham inkor etib bo‘lmaydi. “Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlar oyligi doirasida poytaxt IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirida tegishli litsenziyaga ega bo‘lmay, qonunga xilof ravishda kripto-aktivlar savdosi bilan shug‘ullanib kelayotgan, 2002 yilda tug‘ilgan M.Abror hamda 2004 yilda tug‘ilgan Z.Boisxonlarning noqonuniy xatti-harakatlariga chek qo‘yildi. Shayxontohur tumanidagi yashash manzilida qo‘shimcha qurilmalar va dasturiy vositalar yordamida ijtimoiy tarmoqlarda maxsus sayt ochib, noqonuniy kriptovalyutalar aylanmasi bilan shug‘ullanib kelgan bu ikki yigit 2025 yilning iyul oyidan 2026 yilning yanvariga qadar 793.000 USDT kripto-aktivlar aylanmasini amalga oshirib kelganligi aniqlangan. Kiberjinoyatchilardan 1 dona kompyuter jamlanmasi, 22 dona uyali telefon apparatlari, 3 dona SIM karta, 229 dona turli banklarga tegishli plastik kartalar xolislar ishtirokida, o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olindi. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 278-prim 8 (“Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish”) moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.