IIO xodimining hayotiga suiqasd qilgan gumondorni qo‘lga olishda mardanovor harakat qilganlar taqdirlandi
Ichki ishlar organlari xodimlari fuqarolar xavfsizligi va jamoat tartibini saqlash maqsadida tunu kun xizmat olib boradi. Xizmatida xavf-xatar bilan yonma-yon yursalarda o‘z kasbiga bo‘lgan sadoqatidan voz kechishmaydi.
Mana shunday jonboz xodimlarning bir nechtasi kuni kecha Yunusobod tumanida sodir etilgan jinoyatda o‘zining kasbiy mahoratini va sadoqatini namoyon etishdi.
Joriy yilning 19 may kuni Yunusobod dehqon bozorida xizmat olib borayotgan PPX inspektori safdor Izzatbek Ibragimov shubhali tutgan fuqaroni to‘xtatib tekshirmochi bo‘lganida, u yonidagi o‘tkir tig‘li buyum bilan xodimning hayotiga suiqasd qilib, bo‘yin qismiga tan jarohati yetkazgan. Jinoyatchi voqea joyidan yashirinish maqsadida shu atrofda bo‘lgan avtobusga qo‘lidagi pichoq bilan chiqib olgan. Hududda xizmat olib borayotgan Patrul-post xizmati xodimlari katta serjant Samat Karjanbayev, safdor Sardor Abzalov va profilaktika inspektori leytenant O‘ktam Normamatovlar tezkorlik bilan fuqarolar xavfsizligini taʼminlab, avtobusdan yo‘lovchilarni evakuatsiya qilishgan. So‘ng xavfli jinoyatchini maxsus vositalar va jismoniy kuch ishlatish yo‘li bilan zararsizlantirib qo‘lga olishgan. Ushbu jarayonda IIO xodimlariga fuqaro Vladimir Avdiyans ham faol yordam berib, o‘zining fuqarolik burchini sidqidildan bajargan.
Mazkur holat Ichki ishlar vazirligi tomonidan alohida eʼtirof etildi. Toshkent shahar IIBBda tantanali ravishda bo‘lib o‘tgan tadbirda fuqaro V.Avdiyansga “Ichki ishlar vazirligining minnatdorchiligi” eʼlon qilinib, 10 million so‘m miqorida pul mukofoti bilan taqdirlandi. Ichki ishlar vazirining tegishli buyrug‘iga asosan serjant S.Karjanbayev, safdor S.Abzalovlar “Aʼlo xizmatlari uchun” ko‘krak nishoni bilan, leytenant O‘.Normamatov rag‘batlantirish tariqasida muddatdan oldin “katta leytenant” maxsus unvoni bilan taqdirlandi.
Bu kabi dovyurak xodimlarimiz va shijoatli fuqarolarimiz bor ekan yurtimiz doimo tinch, osmonimiz musaffo bo‘lib qolaveradi.