2025 yilning 16 yanvar kuni. Tanishi bilan tunga qadar ichkilik ichib gurunglashib o‘tirgan Sanjar gandiraklagancha ketishga taraddudlandi. Pastki qavatga tushib kelarkan, uy eshigining ochiqligini ko‘rib, ichkari mo‘raladi. Poygakda kurtka osig‘liq bo‘lib, cho‘ntagida kalit osilib turardi. Sekin kalitni oldi va pastga tushib hovlida turgan Cobalt avtomashinasiga yaqinlashdi. Chamalab kalitni solgan edi haqiqatan shu mashinaniki ekan. O‘t oldirib haydab ketdi. Amir Temur shohko‘chasida yonilg‘i tugagani uchun avtomashina bir-ikki silkindi-da to‘xtab qoldi. Sanjar salonni titkilab chiqib, qo‘liga ilingan 102 AQSH dollarini olib voqea joyidan qochib ketdi. Avtomashina egasi Ch.Shuhrat xonadon derazasidan hovliga qaraganda soat tungi 02.00 lardan og‘gan, mashina qo‘yilgan joyida yo‘q edi. Shuhrat vaqtni boy bermay ichki ishlar organlariga xabar berdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi ochiq sud majlisida 1982 yilda tug‘ilgan, A.Sanjarning qilmishini qonunan ko‘rib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 1-qismi (“Transport vositasini olib qochish”), 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (“O‘g‘irlik”) bilan aybli deb topildi va 5 yilu 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant O.Tursunpulatovning ish yurituvidan olindi.