Toshkent shahar IIBB rahbariyatining navbatdagi qabuli joriy yilning 1 mart kuni Toshkent shahar Bektemir tumanida joylashgan Sport-sog‘lomlashtirish majmuasi “Toshkent viloyati xalq qabulxonasi” binosida o‘tkazildi. Poytaxt IIBB boshlig‘i, polkovnik Ravshan Sultanxodjayevning shaxsiy sayyor qabuliga oltmishdan ortiq yuridik hamda jismoniy shaxslar o‘z muammolari hamda og‘riqli savollariga javob topish maqsadida tashrif buyurishdi. Murojaatchilarning muammolarini tinglash, ko‘tarilgan masalalarni chuqur sabablarini o‘rganish davomida ularning 17 tasi qabulxonaning o‘zida ijobiy hal etildi. 13 tasiga malakali huquqiy tavsiya va maslahatlar berildi. O‘rganib qonuniy xulosa chiqarish uchun qo‘shimcha muddat talab etiladigan 34 ta murojaatlarning ijrosi bo‘yicha sohaviy xizmat rahbarlariga tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berilib, nazoratga olindi. Murojaatlar mazmun-mohiyatiga ko‘ra: surishtiruv va tergov harakatlari, mol-mulk va pul mablag‘larini undirish, plastik karta pullarini noqonuniy o‘zlashtirish, xizmat faoliyatini boshqa ichki ishlar organlariga ko‘chirish, yo‘l belgilarini o‘rnatish, shaxs hayoti va salomatligiga qarshi noqonuniy xatti-harakatlar, afv etish, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga oid, oila-turmush doirasida kelishmovchiliklar kabilarni tashkil etdi.
Barcha murojaatlar rahbariyat tomonidan e’tibor bilan tinglanib, ularda keltirilgan masalalarga yechim topish bo‘yicha tegishli qaror va ko‘rsatmalarning berilishi, aholining adolatga, qonuniy haq-huquqlarini himoya qilishga bo‘lgan ishonchini yanada orttirishga xizmat qilmoqda.