26 Avgust 2024 Yil 1310

“Go‘shtxo‘r” o‘g‘ri

Ulug‘bek yoshligidan otasiga yordam bergani bois shaharning eng gavjum va markazida joylashgan, tarixiy “Eski juva” dehqon bozorining har bir qarichini yod biladi. Otasi bu yerda go‘sht mahsulotlari sotish bilan shug‘ullanardi. Bir muncha vaqt u otasining ishini davom ettirdi. Ammo keyinchalik nima bo‘ldi-Yu bu ish meʼdasiga tegdi. Har ishga boshini tiqib ko‘rdi, ammo hech biri ko‘ngliga o‘tirmadi. Axiyri, dangasalik ustun kelib, nima bilan shug‘ullanishni o‘zi ham bilolmay, ishsiz qoldi. Afsuski, ro‘zg‘or, kundalik ehtiyoj uning xohish-istaklari bilan hisoblashmadi. Yotib yeganga tog‘ chidamaydi, deganlari rost ekan, kundan kungi ro‘zg‘or xarajatlari ortidan qarzga kirishga ham ulgurdi. U yana go‘sht savdosi bilan shug‘ullanish niyatida bozorga borib, hol-ahvolni o‘rganmoqchi bo‘ldi. Go‘sht rastalarini aylanib yurarkan sotuvchilar foydalanadigan katta muzlatgichga ko‘zi tushdi. U ochiq edi. Ertasi, aniqrog‘i 2022 yilning 24 yanvari kuni soat 20.30larda – qishning chillasida bu vaqtda bozorda deyarli odam qolmaydi – u qo‘lida katta qora sellofan qopcha bilan go‘sht rastasida paydo bo‘ldi. Zayniddinga tegishli bo‘lgan 3.150.000 so‘mlik 45 kilogramm go‘shtni o‘zi bilan olib kelgan qora sellofan qopga soldi-da bozordan chiqib ketdi. Ikki kun o‘tib , soat kechki sakkizlarda yana go‘sht rastasiga keldi. Bu gal 1.260.000 so‘mlik 18 kilogramm go‘shtni o‘mardi. Bir paytlar Furqat degan kimsa undan ko‘tarasiga go‘sht olishi esiga tushib, unga qo‘ng‘iroq qildi va o‘g‘irlik mollarni pullab yubordi. Zayniddin ikkinchi safar ham muzlatgichga qo‘yilgan go‘shtlarning salmog‘i kamayganidan tashvishga tushib, bozorda xizmat olib borayotgan ichki ishlar xodimlariga murojaat qildi. Ulug‘bek G‘iyosiddinga tegishli 680.000 so‘mlik 8 kilogramm go‘shtni o‘g‘irlayotgan paytida ichki ishlar xodimlari tomonidan ashyoviy dalil bilan qo‘lga olindi.

– Pul hammaga kerak. Biroq bu peshona teri bilan topilsa, halol bo‘lsagina turmushga fayz, ro‘zg‘orga baraka olib kiradi, – deydi Shayxontohur tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi katta tergovchisi, mayor Bahodir Tojiyev, – To‘rt muchasi sog‘, ikki nafar farzandli otaning oiladagi burchi, masʼuliyatini bilmasligi achinarli holdir. Unga qanday jazo tayinlanmasin, farzandlari taqdiriga bu aks sado bermay qolmaydi, albatta.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi tomonidan 1989 yilda tug‘ilgan Ulug‘bek O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi (“O‘g‘irlik”) bilan aybdor, deb topildi. Sud uning jabrlanuvchilarga yetkazgan zararni to‘liq qoplagani, oilaning yagona boquvchisi ekanligi, jabrlanuvchilarning daʼvosi yo‘qligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, aybdorga 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.


Barcha yangiliklar

Text to speech