Toshkent shahrida “Xavfsiz va sog‘lom poytaxt” oyligi doirasidagi tezkor-profilaktik tadbirlar davom etmoqda. Oylik doirasida yoshlar bilan targ‘ibot-tashviqot uchrashuvlari tashkil etilib, ularga giyohvandlik illatining salbiy jihatlari, sog‘liq va ruhiyatga zararlari taʼsirlari, giyohvandlik bilan shug‘ullanishning huquqiy oqibatlari haqida maʼlumotlar taqdim etilmoqda.
Shunday uchrashuvlardan biri Uchtepa tumani IIO FMB tomonidan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalari bilan tashkil etildi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan tuman IIO FMB boshlig‘i polkovnik Dilmurod Mirsadikov o‘z nutqida jamiyatning global muammolaridan biri giyohvandlik ekanligi, butun dunyoda bo‘lgani kabi poytaxtda ham huquq-tartibot idoralari xodimlari giyohvandlik, psixotrop moddalar va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi tinimsiz kurash olib borayotganligini taʼkidladi. bu illatga qarshi kurashishning eng samarali usullaridan biri - giyohvandlikka qarshi immunitetni shakllantirishdir. Bu yo‘nalishda ayniqsa yoshlar o‘rtasida profilaktika tushuntirish ishlarini kuchaytirish lozimligi eʼtirof etildi. Shuningdek, uchrashuvda internet makonlarida giyohvandlik vositalarning noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanuvchi guruh va kanallarga aʼzo bo‘lmaslik, ular haqida biror maʼlumot bo‘lsa IIOga xabar bersh kerakligi taʼkidlandi. Qizg‘in o‘tgan tadbirda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga to‘liq javoblar olishdi.