11 Dekabr 2023 Yil 1242

Giyohvandlik moddalari va kuchli taʼsir qiluvchi dorilarni noqonuniy saqlayotgan shaxslar ushlandi

Poytaxtimizda amalga oshirilayotgan tezkor-profilaktik tadbirlarning “Dolzarb qirq kunligi” davomida poytaxt IIBB va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalari va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi. Jumladan,


Joriy yilning 6 dekabr kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida 2001 yilda tug‘ilgan Muxammadiyev Sharifjon Shuxrat o‘g‘li boshqaruvidagi SPARK rusumli avtomashina xolislar ishtirokida tekshirilganda, 173 dona “Regapen” nomli hamda 160 dona “Amino-metil” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.


Shu kuni Uchtepa tumanida 1994 yilda tug‘ilgan Abdukayumov Xusniddin Shamsiddinovich boshqaruvidagi NEXIA-3 rusumli avtomashina to‘xtatilib, xolislar ishtirokida tekshirilganda avtomashina salonidan 32 dona “Tropikamid” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi va ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.


Shuningdek, Chilonzor tumanida yashovchi 1984 yilda tug‘ilgan Baxmatov Pavel Igorevichning xonadoni xolislar ishtirokida tekshirilganda 150 gramm sintetik giyohvandlik vositasi, elektron tarozi, qadoqlashga mo‘ljallangan paketlar hamda giyohvandlik vositalarini isteʼmol qilishga mo‘ljallangan turli vositalar aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.


8 dekabr kuni Bektemir tumanidagi “Sharq” YPX maskanida 1982 yilda tug‘ilgan Urinbayev Ikromiddin Muxamadaliyevich boshqaruvidagi COBALT rusumli avtomashina to‘xtatilib, xolislar ishtirokida tekshirilganda 8 gramm “gashish” giyohvandlik vositasi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.


9 dekabr kuni Uchtepa tumanida 1996 yilda tug‘ilgan Yunusov Temur Timurovich to‘xtatilib, xolislar ishtirokida tekshirilganda yonidan 19 dona bo‘laklarga qadoqlangan sintetik giyohvandlik vositalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.


Barcha holatlar yuzasidan to‘plangan hujjatlar o‘rnatilgan tartibda ko‘rib chiqilishi uchun tergov bo‘limiga taqdim etilgan. Tergov yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.


Hurmatli fuqarolar, agar siz ushbu shaxslarning noqonuniy giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar savdosi bilan shug‘ullanganligi yoki boshqa jinoyatlarga aloqadorligi haqida biror maʼlumotga ega bo‘lsangiz, Toshkent shahar IIBBning 71-206-45-69, 71-206-49-46 yoki 102 raqamlariga yoxud yaqin oradagi IIBga murojaat qilishingizni so‘raymiz. Murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

Barcha yangiliklar

Text to speech