11 Sentyabr 2024 Yil 837

Firibgarlik bilan shug‘ullanib kelgan ushbu shaxslardan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz Toshkent shahar IIBBga murojaat qiling

Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bilan tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida aniqlanishicha,

- 1989 yilda tug‘ilgan Rominov Sardor Farxodovich,

- 1990 yilda tug‘ilgan Yuldashev Baxtiyor Xabibulla o‘g‘li,

- 1993 yilda tug‘ilgan Xusainov Timur Rustamovich

bir qator jinoyatlar sodir etganlikda gumon qilinmoqda.

Jumladan, ushbu shaxslar fuqarolarga foiz evaziga pul berib, qarz olgan shaxsning nomida bo‘lgan turar-joy va boshqa ko‘chmas mulklarini garov evaziga o‘zining nomiga rasmiylashtirib olgan. Fuqarolar belgilangan muddatda qarz va foizlarini bermagan taqdirda uy-joydan oilasi bilan chiqarib yuborish va mulkini tortib olish bilan shug‘ullanib kelgan. Vaholanki, garovga qo‘yilgan mulk miqdori foiz evaziga berilgan pul mablag‘idan 3-4 barobar ko‘p bo‘lgan. Shuningdek, fuqaro bilan qarz yoki oldi-sotdi shartnomasi tuzilganidan so‘ng kelishilgan summadan kam miqdorda pul berganlar. Misol uchun, fuqaro ulardan 100.000 AQSH dollarini foiz evaziga so‘rasa, oldi-sotdi yoki qarz shartnomasi rasmiylashtirib bo‘lganidan so‘ng 65.000-70.000 AQSH dollari atrofida pullarni berib, qolgan pullarni maklerlik xizmati, boshqa xarajatlar uchun olib qolganligi haqida aytadi, keyinchalik foiz to‘lovlarni kamaytirib berishi hamda to‘lovlar kechiksa bezovta qilmasligi haqida aytib aldagan.

Tergov jarayonida 1989 yilda tug‘ilgan Rominov Sardor Farxodovich, 1990 yilda tug‘ilgan Yuldashev Baxtiyor Xabibulla o‘g‘li va 1993 yilda tug‘ilgan Xusainov Timur Rustamovichlar jinoyat sodir etganlikda gumonlanib ushlangan. Ularga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Hurmatli fuqarolar agar Siz ushbu shaxslardan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz yoki ushbu shaxslarning jinoiy xatti-harakatlari bo‘yicha biror maʼlumotga ega bo‘lsangiz Toshkent shahar IIBBning 71-206-40-97 yoki 102 raqamlariga yoxud 90-976-28-21 telegram raqamiga murojaat qilishingizni so‘raymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.



Barcha yangiliklar

Text to speech