Mamlakatimizda yoshlar bilan ochiq muloqotni kuchaytirish, ularning fikr va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash hamda hayotda oʻz oʻrnini topishiga koʻmaklashish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Bu borada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar yosh avlodning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni turli salbiy illatlardan asrash, taʼlim va bandligini taʼminlashga qaratilgan.
Shu maqsadda Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatov yoshlar bilan ochiq muloqot oʻtkazdi.
Uchrashuv davomida yoshlarning muammolari, taklif va tashabbuslari tinglanib, ularni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan masalalar muhokama qilindi.
Ichki ishlar vaziri tomonidan Davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni huquqbuzarlik va salbiy taʼsirlardan himoya qilish, taʼlim va bandlik masalalarini hal etish boʻyicha ulkan tashabbuslari hamda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha maʼlumot berdi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda yoshlar bilan manzilli ishlash tizimini yoʻlga qoʻyishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, Ichki ishlar vazirligi tomonidan Poytaxt tumanlarida yoshlar bilan ishlash tizimini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish maqsadida “Yoshlar balansi” shakllantirilib, jami 13 ta shtab faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Shu bilan birga, tuman ichki ishlar organlaridan 84 ta rahbarga 815 nafar yoshlar nomma-nom biriktirilib, ular bilan manzilli ishlash, muammolarini oʻrganish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻrish amaliyoti joriy etildi.
Ushbu yoshlar bilan tizimli ishlashni taʼminlash maqsadida bir qator monitoring mexanizmlari ham yoʻlga qoʻyildi.
Jumladan, Toshkent shahar IIBB navbatchilik qismi va murojaatlar bilan ishlash boʻlimi orqali murojaat qilgan, xorijga chiqish pasportini olgan, chet elga chiqib ketgan, probatsiya hisobida turgan, sud tomonidan belgilangan cheklovlarni buzgan, yoʻl harakati qoidalarini buzgan yoki respublika miqyosida jinoyat va maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etgan yoshlar haqida kunlik maʼlumot olish amaliyoti joriy qilingan.
Tadbir jarayonida masʼullar poytaxtning barcha tumanlaridan tashrif buyurgan yoshlar bilan muloqot qilishib, ularning muammolarini tinglashdi. Uchrashuv davomida bildirilgan har bir masala yuzasidan mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Muloqot jarayonida faol va tashabbuskor yoshlarning takliflari alohida eʼtirof etildi. Ularni amalga oshirish, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish va ularni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha tegishli vazifalar belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida yoshlar mamlakat taraqqiyoti, jamiyat tinchligi va xavfsizligini taʼminlashda faol ishtirok etishga tayyor ekanini bildirishdi.
Shuningdek, bunday ochiq muloqotlar ular uchun katta motivatsiya va yangi imkoniyatlar eshigini ochayotganini taʼkidladilar.
Bunday uchrashuvlar yoshlar muammolarini joyida hal etish, ularning fikrlarini tinglash va tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash orqali mamlakatimizda yoshlar siyosati samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.