26 Fevral 2026 Yil 454

Do‘stona uchrashuvning dushmanona yakuni

Anchadan buyon ko‘rishishmagan tanishlar taqdir taqozosi bilan uchrashib qolishsa, albatta yaqin o‘rtadagi oshxona yoki qahvaxonada bir piyola choy ustida gurunglashib o‘tirishga oshiqadilar. 2025 yil yanvar oyining ilk kunlarida Abror ham eski tanishi Baxtiyorni uchratganidan xursand bo‘lib, yaqin oshxonaga taklif qildi. Ochilib-sochilib o‘tirish uchun bir shisha aroqqa buyurtma berishdi. Ichlari qizigan sayin suhbat ham qizigandan qizidi. Harorat oshib har doimgidek, tillar chuvalashib, ong xira torta boshlagach, gaplari bir-biriga to‘g‘ri kelmay qoldi. O‘rtada gap qochdi. Shirin boshlangan suhbat nizoga aylandi. Baxtiyorning qaysidir o‘ylamay – mast odam o‘ylash qobiliyatini yo‘qotishi tayin tabiiy bir holda Abror uning gaplarini tajovuzkorona qabul qilar, jazavasi qo‘zirdi. Nihoyat g‘azabi ustun kelib, u o‘zi bilan olib yurgan pichog‘i bilan Baxtiyorning chap ko‘krak qismiga sanchdi. O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi jabrlanuvchiga hayoti uchun og‘ir tan jarohati yetkazilgani haqida xulosa berdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi ochiq sud majlisida 1996 yilda tug‘ilgan X.Abrorning jinoiy qilmishini qonunan baholab, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104 moddasi 2-qismi “l” bandi (“Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish”) bilan aybdor deb topdi. Uning aybiga to‘liq iqrorligi, chin ko‘ngildan pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligi, oilaviy ahvoli, jabrlanuvchining daʼvosi yo‘qligi inobatga olinib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Mazkur jinoyat ishi tafsilotlari Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant X.Odilovning ish yurituvidan olindi.

Barcha yangiliklar

Text to speech