29 May 2025 Yil 671

“Cho‘yan qozon” operatsiyasi

Yollanma ishchi bo‘lib ishlab kelayotgan Bahromjon nima bo‘ldi-yu, oson pul topish yo‘llarini izlay boshladi. Tanishi 1994 yilda tug‘ilgan Adhamni ko‘rgach, bu fikri yana-da qatʼiylashdi. Holbuki, Adham Bahromjonga yuragini ochib, ozgina puli borligi, uni biron daromad keltiradigan ishga sarflab, ko‘paytirish niyatida ekanligini aytgandi. Bahromjon omadi chopganidan quvonchiga sig‘may tanishini aldashga tushdi. Avvaldan o‘ylab, pishitib qo‘ygan rejasini amalga oshirishga kirishdi. O‘zbekiston bo‘ylab Rossiya va qo‘shni davlatlarga cho‘yan qozonlar yetkazib berish bilan shug‘ullanayotganligi, ulushini qo‘shsa, foydaning teng yarmi uniki bo‘lishiga Adhamni ishontirdi. Uning ishonchini mustahkamlash maqsadida, Sergeli tumanida joylashgan qozonlar ishlab chiqarish sexiga ham olib borib, go‘yo o‘ziga tegishli sexdek ko‘rsatdi. Katta foyda umidida bo‘lgan Adham 2023 yilning iyun-iyul oylarida bo‘lib-bo‘lib, jami 18.000 AQSH dollarini “cho‘yan qozon” operatsiyasiga tikdi. Turli bahonai sabablar bilan bu pullarni olguncha Adhamdan aylanib-o‘rgilib, laganbardorlik va xushomadni joyiga qo‘yib yurgan Bahromjon boshqa pul ololmasligini bilgach, suvga tushgan toshdek ko‘rinmay qoldi. Adham esa katta ulush ilinjida kuta-kuta toqati toq bo‘lib, biznes hamkorini qidirishga tushdi. Erinmay Sergeli tumanida joylashgan o‘ziniki deya ko‘rsatgan qozon sexiga borib surishtirdi. Ishchilar bunday odamni tanimasliklarini, rahbari falon-falonchi ekanligini aytishganida Adham muvozanatini yo‘qotayozdi.Tanishi Bahromjon unga firib berganini, hech qanday savdo-sotiq bilan shug‘ullanmasligini aniqlagach, Chilonzor tumani IIO FMBga murojaat qildi.

– Biron bir hujjatlarsiz, guvohlarsiz firibgarning qo‘liga katta miqdorda pul bergan Adhamning daʼvolarini isbotlash juda qiyin kechdi, –deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan Og‘abek Qilichev. – Garchi gumonlanuvchi muqaddam jinoiy harakatlar qilmagan, bo‘lsa-da, har bir harakatini puxtalik bilan guvohlarsiz, hujjatlarsiz amalga oshirgan. Tergov jarayonida ham o‘zini o‘ta qo‘rs va surbetlarcha tutdi va dastlab jinoyatini umuman tan olmadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi ochiq sud majlisida 1975 yilda tug‘ilgan, ikki nafar farzandi bor, A.Bahromjonning qilmishini qonunan ko‘rib chiqib, uni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (“Firibgarlik”) bilan aybdor deb topdi. Aybiga to‘liq iqrorligi, jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni qoplaganligi, jabrlanuvchining daʼvosi yo‘qligi, oilaviy sharoitlarini hisobga olib, mazkur kodeksning 57-moddasini qo‘llagan holda unga bazaviy hisoblash miqdorining 80 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Barcha yangiliklar

Text to speech