6 Fevral 2023 Yil 3018

Changer (Chenjer) – jinoyat izini yashiruvchilar

So‘nggi vaqtlarda fuqarolarning uyali telefon apparati yo‘qolganligi haqidagi xabarlari ko‘paymoqda. Voqea tafsilotlarini aniqlash uchun huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tergovga qadar tekshiruv o‘tkazadi, jinoyat alomatlari bo‘lganda, jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

O‘zbekistonda mobil qurilmalarni ro‘yxatga olish tizimining joriy etilgani ushbu turdagi jinoyatlarni ochishga yondashuvni tubdan o‘zgartirgan edi.

Hozirda, jinoyatchini topish va uyali telefon apparatini egasiga qaytarish uchun mobil qurilma egasi tomonidan taqdim etilgan IMEI-kodidan foydalanilmoqda.

Biroq, texnologiya rivojlanishi bilan bir qatorda jinoyat izlarini yashirish usullari ham shunga monand rivojlanib bormoqda. Yaʼni jinoyatchilar endilikda klonlangan IMEI-kodlarini yaratishmoqda. Bunday klonlangan IMEI-kodlarini esa avtomatik aniqlash va blokirovka qilishning texnik tartibi joriy etilmagan.

Klonlash quyidagicha amalga oshiriladi: maxsus dasturiy taʼminot vositasidan foydalangan holda IMEI-kodi bitta mobil qurilmadan bir yoki bir nechta mobil qurilmalarga uzatiladi va natijada tarmoqda bir xil IMEI-kodi bo‘lgan bir nechta mobil qurilmalar paydo bo‘ladi.

Bu ishlarni amalga oshirayotganlar kimlar?

Ularni xalq orasida “Changer” (Chenjer) deb atashadi. Aynan ular IMEI-kodlarni klonlashtirish bilan shug‘ullanadi.

Bu o‘z navbatida o‘g‘irlangan uyali telefonlarni izlab topishni qiyinlashtirib, noqonuniy olib kirilgan mobil qurilmalarni respublika hududida ro‘yxatdan o‘tkazish imkonini beradi.

Ayni paytda mobil qurilmaning xalqaro identifikatsiya kodini noqonuniy ravishda o‘zgartirganlik uchun maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlik mavjud emas. Bu esa jinoyat izlarini yashiruvchi shaxslar jazosiz qolishiga sabab bo‘lmoqda. 

Bu kabi kazusli holatni bartaraf etish maqsadida mutasaddi tashkilotlar tomonidan tegishli normalariga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risida qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Hurmatli fuqarolar! Sizlardan mobil qurilmalarni rasmiy do‘konlardan xarid qilishingizni so‘raymiz. Shu yo‘l bilan o‘zingizni jinoyatchilar qarmog‘idan saqlab qolishingiz mumkin!

Barcha yangiliklar

Text to speech